Asqar Akayev rafiqasi bilan Qirg‘izistonga kelgani aytilmoqda
3-sahifa
−
20 may 2023
12560Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev va rafiqasi Mayram Akayeva mamlakatga kelgani aytilmoqda. Bu haqda “24.kg” nashri xabar berdi.
Keltirilishicha, sobiq prezident rafiqasi bilan kecha, 19 may kuni tunda qozoq-qirg‘iz chegarasini kesib o‘tgan. Ular shaxsiy ishlari bilan kelgan, ammo Akayevlar qayerga ketgani hozircha noma’lum.
Mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ko‘ra, chegarani kesib o‘tayotganlar haqidagi ma’lumotlar maxfiy bo‘lib, faqat sud, huquqni muhofaza qiluvchi va vakolatli organlarning so‘roviga binoan beriladi.
Akayev 1990 yil oktyabr oyida Qirg‘iziston SSR rahbari etib saylangan. 1991 yil avgust oyida u respublikaning birinchi prezidenti bo‘ldi va 2005 yilgacha mamlakat boshida qoldi. Akayev mamlakatda bo‘lib o‘tgan Lola inqilobi natijasida hokimiyatdan mahrum bo‘ldi. Inqilob davrida u lavozimini tark etdi va oilasi bilan mamlakatdan chiqib ketdi. O‘shandan beri Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Moskvada yashab, dars berib keladi.
O‘tgan yili va undan oldingi yili Akayev “Qumtor” ishi bo‘yicha guvohlik berish uchun vataniga kelgan. Bu kon Qirg‘izistonning shimoliy-sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, yiliga 15 tonnaga yaqin oltin qazib olinadi. Ilgari uni o‘zlashtirish bilan kanadalik investorlar shug‘ullangan, keyinroq kon davlat tomonidan o‘zlashtirildi.
2005 yil aprel oyida Akayev va uning oila a’zolariga nisbatan bir necha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, shu jumladan, korrupsiya moddasi bo‘yicha hozirda ularning barchasi to‘xtatilgan yoki tugatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 2 avgust kuni 16 yil mobaynida Rossiyada yashab kelgan Akayev vatani – Qirg‘izistonga qaytarildi. Dastlab sobiq Prezident “Qumtor” oltin koni bo‘yicha Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan so‘roq qilindi. So‘ngra u davlat rahbari Sadir Japarov bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng, Asqar Akayev matbuot anjumanida Qirg‘iziston Prezidentiga “hamma narsani aytib berish” imkoniyati uchun minnatdorlik bildirgan.
LiveBarchasi