Ashraf G‘anining ukasi “Tolibon” safiga qo‘shildi
Olam
−
21 avgust 2021
16222Bugun, 21 avgust kuni Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Ashraf G‘anining ukasi Hashmat G‘ani Ahmadzay “Tolibon”ga sodiqligini bildirib, qasamyod qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hashmat G‘ani Ahmadzayning qasamyodi vaqtida toliblar bilan yaqin aloqada bo‘lgan “Haqqoniy tarmog‘i” terrorchilik tashkilotining yuqori martabali vakili Halil al-Rahmon Haqqoni ham qatnashgan.
Qayd etish kerakki, o‘zini Prezident vazifasini bajaruvchi, deb e’lon qilgan Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulloh Solih “Tolibon” harakatiga qasamyod qilishdan bosh tortib, muzokara stoliga o‘tirishga tayyorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi.
Ashraf G‘ani mamlakatni tark etganidan so‘ng, u Tojikiston, Omon va O‘zbekistonda ekani aytildi. Biroq, yakunda ularning hech biri o‘z tasdig‘ini topmadi. Joriy yilning 18 avgust kuni esa, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Ashraf G‘ani va uning oila a’zolariga boshpana berganini aytgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi