Ashraf G‘ani Toshkentdagi konferensiyada “Tolibon” bilan yuzma-yuz to‘qnashishga tayyorligini aytdi

Olam

image

Rasmiy Kobul “Tolibon” bilan “yuzma-yuz to‘qnashishga” tayyor. Bu haqda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani kecha, 16 iyul kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida qilgan chiqishida bayon qildi.

“Biz “Tolibon”ni Afg‘oniston hukumati bilan [munozarali] masalalarni to‘g‘ri hal qilish va [tahlikani] olib tashlash uchun hamkorlik qilishga chaqiramiz”, deydi G‘ani. 

Bundan tashqari, Afg‘oniston Prezidenti rasmiy Kobulning “Tolibon” bilan “yuzma-yuz to‘qnashishga” tayyorligiga ishora qilgan.

Shuningdek, Prezident G‘ani mamlakatdagi vaziyatni “mintaqaviy kelishuv” ga erishmasdan hal etish mumkin emasligini ta’kidlab, Afg‘onistondagi urush va beqarorlik butun mintaqaga juda katta ta’sir ko‘rsatayotganini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 aprel kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondagi operatsiyani tugatish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi. Bu qaror Amerika tarixidagi eng uzoq xorijiy harbiy kampaniya yakuniga yetganini anglatardi. Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizdan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketishga ulgurdi. Bundan tashqari xalqaro koalitsiya ishtirokchilaridan Italiya, Germaniya va Avstraliyaning barcha harbiy xizmatchilari mamlakatni tark etgan. 

Xorij qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon”ning mamlakat bo‘ylab harbiy harakatlari faollashib qolgan. Ular birin-ketin Afg‘oniston rayonlarini o‘z nazoratiga olmoqda. Harakat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ular Afg‘oniston Islom Respublikasi hududining qariyb 85 foizini, shu jumladan beshta davlat — Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegaradagi nazorat punklarini ham qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

149

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing