Ashraf G‘ani afg‘on xalqidan kechirim so‘radi
Olam
−
09 Sentabr 2021
14351Xabaringiz bor, “Tolibon” harakati Afg‘onistonni egallab olganidan so‘ng, Ashraf G‘ani Prezidentlikdan ite’fo berdi va mamlakatdan qochdi. U Birlashgan Arab Amirliklaridan boshpana topdi. Shundan so‘ng, jamoatchilik orasida uning Qobulni 169 million dollar pul bilan tark etgani haqida xabarlar tarqadi.
Kecha, 8 sentyabr kuni Ashraf G‘ani o‘zining Twitter sahifasida Qobulni tark etish hayotidagi eng qiyin qaror bo‘lgani haqida yozib qoldirdi. U o‘z xalqini tashlab ketishga majbur bo‘lgani, mamlakatni tark etishi – Qobul va 6 million aholining hayotini saqlashning yagona yo‘li bo‘lganini aytib, afg‘on xalqidan kechirim so‘radi.
“Qobuldan ketish – hayotimdagi eng qiyin qaror edi, lekin 6 million aholining hayotini saqlab qolishning yagona yo‘li shu deb o‘yladim. Men hayotimning 20 yilini afg‘on xalqi bilan birga demokratik, farovon va suveren davlat qurishga bag‘ishladim. Hozir ketishimdan oldingi voqealarga uzoq to‘xtalmoqchi emasman. Shunchaki, ketayotganimda xalqning millionlab pullarini olib ketganim haqidagi asossiz da’volarga oydinlik kiritmoqchiman. Bu ayblovlar mutlaqo yolg‘on”, deya tvit qoldirgan 72 yoshli Ashraf G‘ani.
Bundan tashqari, Ashraf G‘ani o‘z chiqishida ayni vaqtda Birlashgan Arab Amirliklarida ekanini tasdiqlagan. Qayd etish kerakki, G‘ani Afg‘onistonni tark etgan ilk kunlarda uning qayerdaligi so‘roq ostida qoldi. Bu davr mobaynida OAVda turli norasmiy xabarlar tarqaldi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 15 avgust kuni “Tolibon” harakati Afg‘oniston poytaxti Qobul shahrini jangsiz egalladi. Mamlakat Prezidenti Ashraf G‘ani o‘sha kuni iste’foga chiqqanini e’lon qildi. U o‘zining ushbu qarorini mamlakat bo‘ylab qon to‘kilishining oldini olish, deya izohlagan.
LiveBarchasi