Ash-Shara Tramp bilan uchrashmoqchi – WSJ
Olam
−
08 may 4545 2 daqiqa
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishni istayapti. Bu haqda Suriya hukumati vakillariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, uchrashuvdan maqsad Suriyani qayta qurish bo‘yicha Amerika va boshqa G‘arb kompaniyalari Xitoy va boshqa kuchlar raqobatidan ustun bo‘ladigan rejalarini baham ko‘rish.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan hafta Tramp tarafdori bo‘lgan AQSHning Argent LNG gaz kompaniyasi bosh direktori Jonatan Bass Damashqqa parvoz qilgan. U yerda Ahmad ash-Sharaga G‘arb kompaniyalari hamda yangi tuzilayotgan Suriya milliy neft shirkati ishtirokida mamlakat energetika resurslarini qazib olish rejasini taqdim etgan. Bassning so‘zlariga ko‘ra, agar sanksiyalar yumshatilsa, Ahmad ash-Shara bu fikrni ijobiy qabul qiladi.
“Suriya yangi davrda AQSH bilan o‘zaro manfaatlar va hamkorlikka asoslangan mustahkam strategik munosabatlar o‘rnatishni istaydi. Bunga energetika va boshqa iqtisodiy sohalar ham kiradi. Damashq Vashingtonning muhim va ta’sirli ittifoqchisiga aylanishni orzu qiladi”, degan Suriya tashqi ishlar vazirligining yuqori lavozimli amaldori.
Manbalarga ko‘ra, Ahmad ash-Shara Oq uyga xabar yo‘llab, Trampning 13-16 may kunlari Yaqin Sharqqa qiladigan safari chog‘ida uchrashuv o‘tkazishni so‘ragan.
Ma’lumot uchun, Donald Tramp 13-16 may kunlari Yaqin Sharqqa safar uyushtirishi kutilmoqda. Safar doirasida u Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi. “Axios”ga ko‘ra, Tramp Saudiya Arabistonida bir qator davlat rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Ushbu tadbir Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning taklifi bilan bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar, ya’ni Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Quvayt, BAA va Ummon yetakchilari ishtirok etishi mumkin. Mazkur uchrashuv 14 may kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Qo‘shma Shtatlarda til me’yori o‘zgarishini e’lon qilib, Fors ko‘rfazini Arab ko‘rfazi deb atashni taklif qilmoqchi ekani xabar qilingandi.
Live
Barchasi