Ash-Shara kurdlar bilan tuzilgan kelishuvni davom ettiradi
Olam
−
11 noyabr 2025 2186 2 daqiqa
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara va AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida joriy yilning 10 mart kuni imzolangan, kurd jangchilarini respublika Qurolli kuchlari tarkibiga qo‘shishni nazarda tutuvchi kelishuvni amalga oshirishni davom ettirishga kelishib oldi. Bu haqda Suriya o‘tish davri hukumati tasarrufidagi tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
“Maslahatlar davomida tomonlar 10 martdagi kelishuvni amalga oshirishni davom ettirishga, jumladan, Suriya demokratik kuchlarini Suriya arab armiyasi tarkibiga integratsiya qilishga, davlat institutlarini birlashtirish va milliy xavfsizlikni kuchaytirish jarayoniga kelishib oldi”, deyiladi bayonotda.
TIV, shuningdek, AQSH Prezidenti Suriyaga mamlakatni tiklash va keyingi bosqichdagi rivojlanish jarayonida kerakli yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqlaganini ma’lum qilgan.
Vazirlikka ko‘ra, muzokaralardan keyin Tramp ko‘rsatmasiga binoan Suriyaning tashqi ishlar vaziri Asad Shiboniy va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bilan uchrashib, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilgan.
10 mart kuni Ash-Shara va Suriya demokratik kuchlari qo‘mondoni Mazlum Abdi kelishuv imzolagan edi. Unga ko‘ra, kurd jangchilari yil oxiriga qadar muntazam armiya tarkibiga qo‘shilishi kerak. Tomonlar kurdlar nazoratidagi barcha fuqarolik va harbiy ob’ektlar – aeroportlar hamda shimoli-sharqdagi gaz va neft konlari yangi Damashq ma’muriyati nazoratiga o‘tishini ham kelishib olgan.
Biroq shundan keyingi muzokaralar davomida Suriya demokratik kuchlari va o‘tish davri hukumati pozitsiyalaridagi jiddiy farqlar yuzaga chiqqan. Kurdlar shimoli-sharqda keng hokimiyat vakolatlarini beruvchi markazlashmagan boshqaruv sistemasini talab qilgan. Suriya hukumati esa shimoli-sharqiy hududlar ma’muriy va harbiy jihatdan markaziy hokimiyatga to‘liq bo‘ysunishi kerakligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 10 noyabr kuni Oq uyda Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashgandi.