Ash-Shara amaldorlarini shohona hayotdan voz kechishga chaqirdi
Olam
−
01 noyabr 2025 3923 2 daqiqa
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara qimmatbaho avtomobillarda kelgan yuzdan ortiq tadbirkor va davlat xizmatchilarini keskin tanqid qildi. Bu haqda “Breitbart” xabar berdi.
U yirik amaldorlarga achchiq savollar bilan yuzlanib, qimmatbaho mashinalar bilan aldanib qolmaslikka, davlat pulini talon-toroj qilmaslikka chaqirgan.
“Davlat shunchalik katta maosh to‘layaptimi? Inqilob farzandlari ekanligingizni unutdingizmi? Shunchalik tez buzildingizmi?”, deya koyigan Ahmad ash-Shara.
Nashrning ikki manbasiga ko‘ra, yetakchi bu so‘zlarni yig‘ilish joyida qatorlashib turgan qimmatbaho mashinalarni ko‘rsatib aytgan.
Idlib shahrida 30 avgust kuni o‘tgan uchrashuvda ash-Shara davlat xizmatchilarini qimmatbaho avtomobillarini topshirish haqida ogohlantirib, aks holda korrupsiya tergovi boshlanishini ma’lum qilgan. Ba’zi ishtirokchilar yig‘ilishdan so‘ng mashina kalitlarini topshirgani aytilmoqda.
14 yillik fuqarolar urushidan so‘ng, hokimiyatni Bashar Asaddan olgan ash-Shara o‘zining dastlabki o‘n oyida jiddiy muammolarga duch keldi. Yangi hukumat tarkibiga kirgan sobiq muxolif guruhlar o‘rtasidagi mojarolar oqibatida 2 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, ayrim uylar talon-toroj qilingan.
Mutaxassislarning fikricha, ash-Sharani kutayotgan eng katta sinov Asad davridan qolgan ildiz otgan korrupsiya tizimini yo‘qotish bo‘ladi.
Suriya axborot vazirligi ham davlat xizmatchilari orasida korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasizlik siyosati yuritilishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Ahmad ash-Shara BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi tarixiy nutqida o‘z mamlakatining o‘tgan avlod zulmidan voz kechayotganini e’lon qilib, Suriyaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarni to‘liq bekor qilishni talab qilgandi.