Asal bayrami. Shifo, mehnat va ishonch bir joyda
Biznes
−
04 dekabr 2742 3 daqiqa
Asal aynimas, u ming dardga davo. Aynan mana shu hikmatlarni anglab yetgan holda, Toshkentda 2-11 dekabr kunlari an’anaviy asal bayrami o‘tkazib kelinmoqda. QALAMPIR.UZ ushbu jarayonlarni bevosita yoritish, sizga asal haqidagi muhim va kerakli ma’lumotlarni yetkazib berish hamda mutaxassis va xaridorlarning fikri bilan o‘rtoqlashish maqsadida “Anhor” istirohat bog‘i hududida joylashgan mazkur yarmarkada bo‘ldi.
Hosil bayrami arafasida bo‘lib o‘tayotgan ushbu festival O‘zbekiston Asalarichilar uyushmasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilmoqda. Asalarichilik tarmog‘idagi yangi islohotlar natijasida 2025 yilda asalarichilik bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar soni 35 000 taga yetgan. Bu 2024 yilga nisbatan 9 foizga, 2017 yilga nisbatan esa 2,3 barobarga ko‘p degani. Mana shu yangilanishlar fonida buxorolik Yodgor Rajabov ham uchinchi avlod sifatida asalarilar bilan tillashib kelmoqda. U bizga oshqozon yarasini davolovchi, immunitetni mustahkamlovchi, quvvatni oshiradigan va terini oziqlantirib, yoshartiruvchi xususiyatga ega bo‘lgan asalari mumining foydalari haqida gapirib berdi.
“Bu mum asal pishgandan keyin ustini yopadi. Jigar, oshqozonga, immunitetni ko‘tarishga, odamning quvvatini oshirishga juda ham foydasi katta. Non bilan yesangiz agar, non bilan chaynasangiz, umumiy oshqozonga ketadi, oshqozon yarasini davolashga juda ham zo‘r”, deydi u.
Yarmarka doirasida mamlakatning barcha hududlaridan 400 dan ortiq asalarichilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sub’ektlar hamda sohaning 1500 ga yaqin ilg‘or mutaxassislari ishtirok etmoqda. Ushbu bayramda har yil ishtirok etib, asarlariga talab yuqori ekanligini aytadigan Zebo xola esa qariyb 40 yildan beri mana shu sohada rizq topib, farzandlarini o‘qitib, uy-joyli qilgan.
“30-35 yildan beri shug‘ullanamiz. Xo‘jayinim boshchiligida, farzandlarim, oilamiz, kelinlarim, o‘g‘illarim – hammamiz shu ish bilan shug‘ullanamiz. Davlat ishida ishlaydi o‘g‘illarim, kelinlarim, qizim, lekin xo‘jayinim nafaqaga chiqqanlaridan keyin eng ko‘p o‘zlari shu ish bilan shug‘ullana boshladilar. Hozir Jizzax, Forish taraflarda yetishtirib kelamiz. Farzandlarimni shu ish orqali o‘qitganmiz, uyli-joyli qilganmiz. Xudoga shukur, hammasining tagida mashinasi bor. Asal shifobaxsh narsa. Har kuni ertalab bir qoshiq yeb, ustidan yarim piyola choy ichsangiz, yoshartiradi. Sog‘lom bo‘lasiz. Qishda kasal bo‘lmaydi. Oilalar olib, farzandlariga yedirsa, kasalga ketadigan puldan ko‘ra, qishdan sog‘lom chiqadi”, deydi Zebo xola.
Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ham asalarichilik bilan shug‘ullanib kelgani, bu sohaga begona emasligini aytib, bizga o‘zi sevib iste’mol qiladigan asal turlarini sanab berdi.
“Men birinchi yil kelganimda bizda bir xil asal bo‘lardi. Lekin hozir xursandman, bizda pandemiya davrida zanjabilli asal paydo bo‘ldi. Menga juda yoqadi, o‘zim iste’mol qilaman. Qushqo‘nmas degan gul bor, u jigarga yaxshi. Keyin zanjabilni, yantoq asalini juda yaxshi ko‘raman. Asalarini tushunaman. O‘zimni ham asalarichi deb bilaman. Menda 15 ta oila bor edi, eng ko‘p boqqanim ham 15 ta bo‘lgan. Asalari mehrni yaxshi ko‘radi”, deydi u.
Shuningdek, Rossiya, Xitoy, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyadan nufuzli mehmonlar, ilmiy-tadqiqot institutlari professorlari va ko‘p yillik tajribaga ega ekspertlar tashrif buyurgan. Tadbir nufuzini yanada oshirib, Jahon oziq-ovqat tashkiloti (FAO) va xalqaro IKARDAning mutaxassislari ham ishtirok etmoqda.
“Biz ushbu tadbir uchun Xitoyning keng, havosi va muhiti juda go‘zal joylarida tabiiy tarzda yetishtiriladigan asallarimizni olib keldik. Albatta, O‘zbekistonda ham shunday tabiiy va sifatli asal bor. Biroq hudud boshqacha, iqlim boshqacha, o‘simliklar ham boshqacha bo‘lgani uchun asalning ta’mi va shirinligi farq qiladi. Sog‘liq uchun foydasi ham biroz boshqacha bo‘ladi. Men aynan Xitoydan kelib, O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan ushbu asal festivalida ishtirok etayotganimdan mamnunman”, deydi xitoylik tadbirkor Gaya Gatro Hall.
Ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’ dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi