“Asalhoney”ning qotili uni qanday o‘ldirganini aytib berdi
3-sahifa
−
30 iyun 2022
48218Avvalroq, “Asalhoney” nomi bilan tanilgan insta-bloger Asal Xo‘jayevaning qotili hibsga olingani haqida xabar bergan edik. Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida "Asalxoney"ni o‘ldirgan qotil xorazmlik 25 yoshli shaxs ekani aniqlandi. Bu haqda “Bu kun” informatsion ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.
Voqea joyida o‘tkazilgan tezkor surishtiruv natijasida hamda sud tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, fuqaro Xo‘jayevaning murdasi 1 kundan ko‘p 3 kundan kam bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘ldirilgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, asli xorazmlik bo‘lgan 25 yoshli yigit o‘tgan yilning yoz oylarida Internet orqali Asal Xo‘jayeva bilan tanishib, u bilan uchrashish uchun 300 AQSH dollariga kelishgan. Ammo yigitda ushbu mablag‘ yo‘qligi sabab joriy yilning fevral oyi o‘rtalarida takroran unga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zining moddiy sharoitini tushuntirgan.
Yigitning so‘zlariga ko‘ra, dastlab Xo‘jayevaga qo‘ng‘iroq qilganida, u telefonini ko‘tarmagan. Ikkinchi marta telefon qilganida “o‘zi sen yetmay turganding, puling bo‘lmasa nimaga telefon qilyapsan?”, deya turli uyatli so‘zlar bilan ota-onasini qo‘shib haqorat qilgan.
Ushbu haqoratli so‘zlardan so‘ng, qotil K. ismli yigit Xo‘jayevaning Instagram sahifasi orqali yashash manzili va ushbu xonadonda bo‘lgan moddiy boyliklarni kuzatib, Xo‘jayevadan qasd olish maqsadida uni o‘ldirib, boyliklarini qo‘lga kiritish haqida jinoiy reja tuzgan.
"Pichoq o‘ng qo‘limda edi. Eshik ochilishi bilan [Asal Xo‘jayeva] qochmoqchi bo‘ldi pichoqni uning qorniga tiqdim. U yerga yiqilib baqirayotgan vaqtda uning bo‘ynidan bo‘g‘dim", deydi "Asalxoney"ning qotili.
Qotil Asal Xo‘jayevani qasddan o‘ldirib, 31 million so‘mdan ortiq moddiy boyliklarini qo‘lga kiritgach, uning xonadonini tark etmasdan uyali aloqa vositasi orqali uning bank plastik kartasidagi 1 million so‘m miqdordagi pullarni o‘zining hisob raqamiga o‘tkazib, tongga qadar ushbu pullarni onlayn qimor o‘yinlariga sarflagan va ertalab uyni tark etgan.
Xabarga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha K.ga nisbatan muqaddam e’lon qilingan ayblov o‘zgartirilib, to‘ldirilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi tegishli bandlari, ya’ni javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish, shuningdek, 164-moddasi 3-qismi (bosqinchilik) jinoyatlarini sodir etganlikda aybdor deb topilib, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.
Ma’lumot uchun, Asal Xo‘jayevaning murdasi joriy yilning 18 mart kuni soat 10:01 da Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 99-uy, 210-xonadonning yotoqxonasida qotillik alomatlari bilan topilgandi.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, Asal Xo‘jayevaning o‘limi qorin old sohasida bir dona sanchilib kiruvchi kesilgan jarohati, bo‘yin chap tomoni sanchib kesilgan jarohati, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya yumshoq to‘qimalariga qon quyilishi oqibatida yuz bergani aniqlangan.
Voqea joyi kriminalistika texnika vositalari yordamida ko‘zdan kechirilib, qonga o‘xshash dog‘lardan namunalar, murda kiyimlari, qo‘l barmoq izlari, 1 dona noutbuk, 1 dona fleshka, 4 dona uyali aloqa telefoni, 4 dona bank plastik kartalari daliliy ashyo sifatida olingan.
Voqea joyiga Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari Ikrom Narimov, shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Tursunov, Yashnobod tumani prokurori A.Donayev, shahar IIBB va tuman IIO FMB rahbariyati hamda tezkor tergov guruhi a’zolari yetib borgan.
LiveBarchasi