Asakadagi “daraxtkushlik”. Prokuratura ishni sudga oshirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Andijon viloyatining Asaka tumanida 10 ga yaqin ko‘p yillik daraxt kesib tashlangani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat oqibatida tabiatga 18 mln 360 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, holat yuzasidan “Asaka v.l.” xususiy korxona rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismi bo‘yicha to‘plangan ma’muriy javobgarlikka oid ish hujjatlari bugun, 9 fevral kuni sudga yuborilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Asaka tumani “Amir Temur” MFY hududidagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va mahalliy davlat hokimiyatining ruxsatnomasi berilmagan.

Mazkur hududdagi daraxtlarni xususiy korxona rahbariyati tomonidan daraxtlarni kesishga ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinmagan.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandi.

Farmon bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgandi.

Qayd etish kerakki, joriy yilning 15 yanvar kuni Andijon viloyati perinatal markazida 12 ta daraxt kesib tashlangan edi. Bunday topshiriq shaxsan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tomonidan berilgan. Holat yuzasidan viloyat Ekologiya boshqarmasi surishtiruv boshlagandi, ammo hamon jimjitlik hukm surmoqda.
 

 

Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

19

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing