Asakada 9 yashar qiz o‘ldirib ketildi. BP rasmiy ma’lumot berdi
Jamiyat
−
22 iyun 2020
34040Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Asaka tumanida to‘qqiz yashar qizaloq o‘ldirib ketilganiga oid xabar tarqaldi. Bosh prokuraturaning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, fojia haqiqatan ham yuz bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning 21 iyun kuni soat 18:00 atrofida voyaga yetmagan Q.I.ning (2011 yilda tug‘ilgan, qiz bola, maktab o‘quvchisi) jasadi yashash xonadonida topilgan. Marhumaning ko‘krak-qorin sohasida kesuvchi-sanchuvchi jismlar orqali 16 ta tan jarohati yetkazilgan.
“Hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida murda yotgan xonada buyumlarning joylashish tartibi buzilganligi, kiyinish stoli (tryumo) tortmasida bo‘lgan 1,5 mln. so‘m pul yo‘qolganligi aniqlangan”, deyiladi ma’lumotda.
Ta’kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan shu kuni JKning (Jinoyat kodeksi) 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-tezkor guruhi tashkil etilgan. Jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.