Asadov Prezident Sirdaryodagi portlash bo‘yicha qanday topshiriq berganini aytdi
Jamiyat
−
24 Oktabr 2022
11088Sirdaryo viloyatidagi harbiy qurol-yarog‘ saqlanadigan omborlardan birida yuz bergan portlashdan Prezident Shavkat Mirziyoyev xabar topgan. Bu haqda bugun, 24 oktyabr kuni Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
“Bunday texnogen xarakterdagi hodisalar haqida Prezidentga darhol xabar beriladi. Ushbu vaziyatda ham davlat rahbariga tezlikda axborot berildi va Prezidentimiz tomonidan tegishli tashkilot hamda idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh hodisa joyiga yuborildi”, deydi Asadov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ishchi guruh darhol talofotlar tahlili bilan shug‘ullangan. Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov hamda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, talafotlar oqibatini tezda bartaraf etish bo‘yicha ish boshlangan.
Shuningdek, Matbuot kotib fuqarolarda savol tug‘dirgan yakka portlash iborasiga aniqlik kiritib ketgan.
“Yakka portlash bu keyinchalik hech qanday detonatsiya bermaydigan portlashdir. Texnogen xodisa ro‘y bergan ombor XX asrning 40 yillarida qurilgan bo‘lib, ilgari texnik qoidalarga ko‘ra bunday omborlarda katta qurol-yarog‘ saqlangan. Biroq 2016 yildan so‘ng barcha omborlar rekonstruksiya qilinmoqda. Barchasining atrofida jahon standartlariga ko‘ra kichik omborlar qurilmoqda va ularda kam miqdorda qurol-yarog‘ saqlanmoqda. Barcha ob’ektlarda jahon standartlariga ko‘ra qo‘yiladigan talab asosida injener-muhandislik ishlari olib borilmoqda. Natijada portlash sodir bo‘lgan taqdirda ham imkon qadar zarar keltiruvchi jismlarning atrofga sochilishining oldi olinadi”, deydi u.
Prezident Matbuot kotibi Sirdaryo viloyatidagi portlash ham shunday omborlardan birida sodir bo‘lganini va xavfsizlik talablariga amal qilingani tufayli katta talafot yetmaganini aytib o‘tgan.
“Asosiy zararlanish ham yon-atrofdagi binolarning tom va oyna qismiga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni, portlash to‘lqini tufayli binolarga qisman zarar yetsa ham, turli jismlar tarqashining oldi olindi”, deydi Asadov.
Eslatib o‘tamiz, 22 oktyabr kuni Sirdaryo viloyati Malik aholi punktidagi harbiy qism omborida portlash yuz berdi. SSVga ko‘ra, hodisada 16 kishi jabrlangan. Shuningdek, 3 mingdan ortiq turar joy binosiga zarar yetgan.
LiveBarchasi