Asad rejimi quladi

Olam

Suriyada Asad rejimi quladi. Isyonchi muxolifat poytaxt Damashqni egalladi. Shom diyorini 50 yildan ortiq vaqt davomida idora qilib kelgan Asadlar oilasi mamlakatni tashlab ketdi. 

8 dekabr kuni erta tongdan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi boshchiligidagi isyonchi kuchlar Suriya poytaxti Damashqqa kirdi va mamlakat rahbari Bashar Asad rejimi ag‘darilganini e’lon qildi.

Shaharda kuchli otishma ovozi eshitildi. Isyonchilar koalitsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda Asad qochib ketgani va mamlakat poytaxti ozod qilinganini e’lon qildi.
Bashar Asadning ko‘chalardagi portretlari yirtilib, otasi Hofiz Asadning haykallari ham buzib tashlandi.

Isyonchi kuchlarning 27 noyabr kuni boshlangan shiddatli hujumlarida dastlab Halab va birin-ketin boshqa shaharlar, jumladan Hama, Dayr-az-Zor, Dar’a va Homs egallandi va bugun ular Damashqni ham o‘z nazoratiga oldi.

Asadga keladigan bo‘lsak, u Damashqni samolyotda tark etgani xabar qilingandan so‘ng turli versiyalar tarqalmoqda. Xalqaro OAVlari u Rossiyaga yoki Yaqin Sharq davlatlaridan biriga ketganini da’vo qilmoqda. Shuningdek, u aviahalokatga uchragan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiya ham yo‘q emas.

Flightradar monitoring sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Asad o‘tirgan samolyot “to‘satdan 180 graduslik burilish yasagan va xaritadan g‘oyib bo‘lgan”.

“Reuters” agentligining manbalariga ko‘ra, samolyot transponder o‘chirilgani sababli radarlardan g‘oyib bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo havo kemasi urib tushirilganligi ehtimoli yuqoriroq.

Asadga bo‘ysunuvchi Suriya rasmiylari esa qurolli guruhlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Suriya hukumati respublikada hokimiyatni egallab olgan jangarilardan xavfsizlik kafolatlarini olgan.

Suriya Bosh vaziri Muhammad G‘ozi al-Jaloliy xalq tanlagan har qanday rahbariyat bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi va “hamma uchun mo‘ljallangan” davlat institutlarini saqlab qolishga chaqirdi.

Shom diyoridagi voqealarga mintaqadagi asosiy o‘yinchilar ham munosabat bildirib, ularning keyingi qadamlari qanday bo‘lishi mumkinligi haqida signal berdi. Xususan, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Anqara Suriyaning milliy birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga katta ahamiyat berishini aytdi va Asad rejimi ag‘darilgach, mamlakatini tark etishga majbur bo‘lgan millionlab suriyaliklar endi o‘z yurtlariga qaytishlari mumkinligini qo‘shimcha qildi.

“Biz mintaqadagi va mintaqadan tashqaridagi barcha ishtirokchilarni mintaqani yanada beqarorlikka olib kelmaslik uchun ehtiyotkorlik va xotirjamlik bilan harakat qilishga chaqiramiz. Suriya davlat institutlari himoya qilinishi va muxolifat kuchlari zudlik bilan birlashishi kerak. Biz qo‘shni davlatlar bilan birgalikda Suriyani qayta tiklash uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solib, yangi ma’muriyat bilan ishlashda davom etamiz. ISHID va “Kurdiston ishchilar partiyasi” terror tashkiloti bu jarayonni suiiste’mol qilmasligi uchun juda ehtiyotkorlik bilan harakat qilamiz. Amerikalik do‘stlarimiz bilan aloqadamiz”, dedi u.

Oq uy ham AQSH Prezidenti Bayden va uning jamoasi Suriyadagi favqulodda hodisalarni diqqat bilan kuzatib borayotgani va mintaqaviy sheriklar bilan doimiy aloqada ekanini bildirdi.

Pentagon esa AQSH Suriya sharqida o‘z mavjudligini saqlab qolishda davom etishini, ISHID qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur choralarni ko‘rishini bildirdi. 

Asad rejimining qulashiga AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp ham munosabat bildirdi:

“Asad ketdi. U o‘z mamlakatidan qochib ketgan. Uning himoyachisi, Rossiya, Rossiya, Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya, endi uni himoya qilishdan manfaatdor emas edi. Rossiyaning birinchi navbatda u yerda bo‘lishi uchun hech qanday sabab yo‘q edi. Ular Ukraina tufayli Suriyadagi barcha manfaatlarini yo‘qotdi. Rossiya va Eron hozir zaiflashgan holatda, biri Ukraina va yomon iqtisodiyot, ikkinchisi Isroil va uning jangovar muvaffaqiyati tufayli”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham Suriyadagi dramatik voqealarni xavotir bilan kuzatayotganini bildirdi.

“Bashar Asad va Suriya Arab Respublikasi hududidagi qurolli mojaroning bir qator ishtirokchilari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida u hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, prezidentlik lavozimini tark etishga qaror qildi va mamlakatni tark etdi. Rossiya bu muzokaralarda qatnashmadi.
Shu bilan birga, biz barcha manfaatdor tomonlarni zo‘ravonlikdan voz kechishga va barcha boshqaruv muammolarini siyosiy yo‘llar bilan hal qilishga chaqiramiz. Shu munosabat bilan Rossiya Federatsiyasi Suriya muxolifatining barcha guruhlari bilan aloqada.
Ayni paytda Suriyadagi fuqarolarimizning xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalari shay holatga keltirildi. Ayni paytda ularning xavfsizligiga jiddiy tahdid mavjud emas”.

Suriyadagi voqealardan so‘ng ko‘pchilikda endi nima bo‘ladi degan savol paydo bo‘lishi tayin, buning hammasini vaqt ko‘rsatadi. QALAMPIR.UZ esa voqealar rivojini yoritishda davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Bashar Asad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing