Asad Xo‘jayev turkiy dunyo axborot makoniga oltita taklif bilan chiqdi
Olam
−
14 may 2022
8230O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar fuqarolariga tashkilot doirasidagi media mahsulotlar bilan tanishish uchun qulay sharoitlar yaratish tarafdori. Bu haqda bugun, 14 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Asad Xo‘jayev Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning OAV va axborot sohasiga mas’ul idoralari rahbarlarining to‘rtinchi yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Asad Xo‘jayev nutqi davomida O‘zbekiston quyidagi yo‘nalishlarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishni maqsadga muvofiq deb hisoblashini ta’kidladi:
• Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar teledasturlari, bosma OAV, axborot agentliklari, internet nashrlari mahsulotlari bilan tanishish uchun turkiy tilli mamlakatlar fuqarolariga maqbul sharoitlar yaratish;
• o‘zaro kelishilgan qiziqarli mavzularda qo‘shma forumlar, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlarini tashkil etish va o‘tkazish;
• tarbiyaviy ahamiyatga ega telefilmlar, teleseriallar va multfilmlar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik va axborot almashinuvini olib borish;
• har yili elektron va davriy bosma nashrlardan faoliyat yuritayotgan jurnalistlar tanlovini uyushtirish;
• turizm salohiyati va madaniy-ma’rifiy hayot jarayonlari, ilmiy izlanishlar natijalari bilan a’zo mamlakatlar fuqarolarini tanishtirishga ixtisoslashgan tematik dasturlarni hamkorlikda tayyorlash;
• a’zo davlatlarning milliy kunlarida teledasturlar hamda boshqa tegishli hujjatli filmlar va boshqa axborotlarni translyatsiya qilish imkoniyatini ta’minlash maqsadida a’zo davlatlarning milliy telekanallari o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvlarini o‘rnatish.
Asad Xo‘jayev so‘zi davomida o‘tgan 3 yilda davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ishonchli aloqalarni o‘rnatish uchun 380 ga yaqin davlat tashkilotlarida axborot xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilganini, bugungi kunda axborot xizmatlarida 1200 nafardan ortiq xodimlar faoliyat yuritayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, u jurnalistlarning professional faoliyatida o‘z-o‘zini senzura qilishiga yo‘l qo‘ymaslik va erkin fikr bildirishini kafotlash maqsadida Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat qilganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi olib tashlanganini qo‘shimcha qildi.
Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari soni 2016 yildagi 1437 ta o‘rniga 1962 taga yetgan. Respublikada faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining 677 tasi veb-sayt sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
LiveBarchasi