Aroqchi AQSH bilan keskinlik fonida Turkiyaga boradi

Olam

image

Eronning AQSH  va Isroil bilan ziddiyatlari davom etayotgan bir paytda, ertaga, 30 yanvar kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Turkiyaga tashrif buyuradi. U Anqarada turkiyalik mavqedoshi Hoqon Fidan bilan Erondagi so‘nggi voqealar hamda Qo‘shma Shtatlar bilan yuzaga kelgan keskinliklarni muhokama qiladi. Bu haqda bugun, 29 yanvar kuni Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, “Yeni Şafak” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki vazir uchrashuvida Hoqon Fidan Abbos Aroqchiga Turkiya Erondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini, Eronning xavfsizligi, tinchligi va barqarorligi Anqara uchun “katta ahamiyatga ega” ekanini yetkazadi. Shuningdek, Turkiya Eronga qarshi har qanday harbiy hujumga qat’iy qarshi ekanini yana bir bor ta’kidlab, bunday qadam “global miqyosda jiddiy xavf tug‘dirishi” mumkinligidan ogohlantiradi.
 
Aroqchi AQSH bilan ziddiyatlarni bartaraf etishda Turkiyaning qo‘llab-quvvatlashi muhim ekanini bildiradi. Fidan esa Turkiya Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha masalani imkon qadar tezroq tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini va zarur bo‘lsa, bu jarayonda vositachilik qilishga tayyorligini qayd etadi.

Qayd etish joiz, joriy yilning 28 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronni muzokara stoliga o‘tirishga va yadroviy qurol bo‘yicha kelishuvga erishishga chaqirgan edi. Aks holda, AQSHning keyingi zarbalari yanada keskin bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Tramp, shuningdek, Yaqin Sharqqa “armada” yuborilganini ma’lum qilib, Tehronni hukumatga qarshi namoyishchilarni o‘ldirishda va yadroviy dasturni qayta tiklashga urinishda ayblagan.

Bunga javoban, Tehron AQSH, Isroil va ularni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarga qarshi zarba berish bilan tahdid qilgan. Eron rasmiylari mamlakatda 1979 yilgi inqilobdan buyon kuzatilayotgan eng yirik notinchliklar ortida Isroil va AQSH turganini iddao qilmoqda.

Eron bilan chegaradosh NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya esa qo‘shni davlat ishlariga har qanday xorijiy aralashuvga qarshi ekanini bildirgan hamda Vashingtonni Eron bilan bog‘liq masalalarni “yakkama-yakka” muzokaralar orqali hal etishga chaqirgan. Anqara, shuningdek, Erondagi beqarorlik hozirgi sharoitda butun mintaqa uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Trampning shartiga javob qaytargani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Turkiya Eron Anqara Aroqchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing