Armanistonning Rim statutini ratifikatsiya qilishi Rossiya bilan munosabatiga bog‘liqmi?

Olam

image

Armaniston Xalqaro jinoyat sudi (XJS) ta’sis hujjati – Rim statutini ratifikatsiya qilishni boshladi. Mamlakat Bosh vaziri Nikol Pashinyan buni Ozarbayjon bilan chegaradagi vaziyat keskinlashgani bilan izohlamoqda. Bu haqda u kecha, 11 sentyabr kuni mahalliy OAVga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Pashinyanga ko‘ra, XJS ishtiroki Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti o‘z majburiyatlarini “bajarmagan va bajarmayotgan” sharoitda Armaniston xavfsizligini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, Yerevan sodir bo‘layotgan voqealarni e’tiborsiz qoldira olmaydi, shuning uchun ham hukumat qo‘shimcha xalqaro xavfsizlik vositalarini olishga urinmoqda.

“Afsuski, Rossiya va Gaaga jinoyat sudi o‘rtasidagi munosabatlar kontekstida bu yomon tasodif bo‘ldi. Ratifikatsiya jarayonining Armaniston-Rossiya munosabatlariga mutlaqo aloqasi yo‘q, bu chegaradagi taranglik bilan bog‘liq”, deya tushuntirgan Pashinyan.
Shuningdek, Bosh vazir Yerevan nizomni nega ilgari ratifikatsiya qilmaganiga izoh bergan. Unga ko‘ra, o‘shanda respublika Konstitutsiyaviy sudi ushbu hujjat va mamlakat konstitutsiyasi o‘rtasidagi zidlikni aniqlagan.

“2015 yildan beri Armanistonda yangi konstitutsiya mavjud, bu zidlik yo‘q bo‘lib ketdi va biz o‘z yo‘limizda olg‘a ketyapmiz, chunki biz bu hujjatni imzolaganmiz”, deydi Bosh vazir.

Bundan tashqari, u Rossiya tomonining Armaniston va AQSH harbiylari birga mashg‘ulot o‘tkazayotgani bilan bog‘liq da’volariga izoh bergan. Ma’lumki, 11- 20 sentyabr kunlari 85 nafar amerikalik, 175 nafar armanistonlik harbiy xizmatchilar ishtirokida Armanistonda “Eagle Partner 2023” qo‘shma mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur harbiy mashqlarning daragi chiqishi bilanoq Kreml voizi Dmitriy Peskov mashg‘ulotlar mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirishga yordam bermasligini aytgan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan G20 sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya Armaniston rahbariyatining AQSH bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish niyatidan afsusda ekanini bildirgan. 

Pashinyan esa Armaniston va Amerika harbiylar o‘rtasida qo‘shma mashg‘ulotlar birinchi marta o‘tkazilmayotganini eslatib, bu jarayon Rossiya bilan munosabatlarga umuman bog‘liq emas ekaniga ishora qildi.

“Biz boshqa hamkorlar bilan munosabatlarimiz va majburiyatlarimizni muzlatib qo‘ya olmaymiz, aksincha ularni normal tarzda rivojlantirishga harakat qilmoqdamiz”, degan Nikol Pashinyan.

Ma’lumot uchun, Armaniston 1999 yilda Rim statutini imzolagan, ammo uni ratifikatsiya qilmagan. 2022 yil oxirida hukumat Armaniston Konstitutsiyaviy sudidan Ozarbayjonning (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi xatti-harakatlarini ko‘rib chiqish uchun XJS yurisdiksiyasini tan olishni so‘ragan. 1 sentyabr kuni Armaniston hukumati parlamentga XJSning Rim statutini ratifikatsiya qilish loyihasini yuborgan. Ratifikatsiyadan keyin Armaniston Putinni hibsga olishga majbur bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni XJS Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergandi. Ular Rossiya kuchlari tomonidan bosib olingan Ukraina hududidan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda ayblanmoqda. Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlar agar Putin ularning hududiga qadam bossa, Rossiya Prezidentini hibsga olish majburiyatini oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing