Armanistonning chegaradagi vaziyatga yondashuvi keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin – Aliyev

Olam

image

Armanistonning chegaradagi vaziyatga noxolis munosabatda bo‘lishi va ushbu masalani xalqaro darajaga ko‘tarishga bo‘lgan urinishlari mintaqada keskinlikni kuchaytirishi mumkin. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida aytib o‘tdi.

Ilhom Aliyev siyosatchi bilan suhbatda rasmiy Baku mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga sodiqligini aytgan. Prezident, shuningdek, mintaqadagi mojarodan keyingi vaziyatni yuqori baholagan va ziddiyatlardandan olti oy o‘tgach, Ozarbayjon-Armaniston chegarasidagi vaziyat barqarorligicha qolayotganini ta’kidlagan.

Xabarga ko‘ra, Aliyev Jeyk Sallivanning Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash zarurligi to‘g‘risidagi fikriga qo‘shilishini bildirgan. Shuningdek, u ushbu jarayonni 2020 yil 10 noyabrdagi uch tomonlama bayonotga muvofiq amalga oshirish muhimligini ta’kidlagan. 

Avvalroq, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ozar-arman chegarasida keskinlikning kuchayishi tendensiyasi kuzatilayotganini, chegaraning ayrim uchastkalarida Ozarbayjon Qurolli kuchlari o‘zini tajovuzkor tutayotganini iddao qilib chiqqandi.

Eslatib o‘tamiz, Pashinyan Ozarbayjon askarlari mamlakatni tark etishi uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan harbiy yordam so‘ragandi. Shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron o‘zining Facebook’dagi sahifasida Ozarbayjon qo‘shinlarini Armaniston hududidan olib chiqish zarurligini ta’kidlagandi.

O‘z navbatida rasmiy Baku Tashqi ishlar vazirligi Yerevanning Ozarbayjon-Armaniston chegarasini muvofiqlashtirish jarayonlariga munosabatini nomunosib deb baholadi va Armaniston rasmiylarini saylov arafasida vaziyatdan ichki siyosiy maqsadlarida foydalanmaslikka chaqirdi

 

Sardor To‘lanboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

23

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing