Armanistonda siyosiy inqirozdan chiqish uchun so‘nggi chorani qo‘llashmoqchi 

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatda 20 iyun kuni muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish bo‘yicha muxolifat bilan kelishuvini e’lon qildi. 
 

"Bugun men "Obod Armaniston" fraksiyasi rahbari Gagik Sarukyan bilan uchrashuv o‘tkazdim. Uchrashuvda biz hozirgi ichki siyosiy vaziyatdan chiqishning eng yaxshi yo‘li - bu muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazish ekanligiga aniqlik kiritdik", deb yozgan Pashinyan o‘zining Facebook'dagi sahifasida. 

Unga ko‘ra, uning Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan va "Porloq Armaniston" partiyasi yetakchisi Edmon Marukyan bilan o‘tkazgan munozaralarini hisobga olgan holda, mamlakatda muddatidan oldin saylovlar joriy yil 20 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. 

Marukyan Facebook'dagi sahifasida Pashinyan bilan telefon orqali suhbatlashganini aytib, saylovlarni 20 iyun kuni o‘tkazilishi uning "Porloq Armaniston" partiyasi uchun maqbul ekanini ta’kidlagan. 

"Obod Armaniston" fraksiyasi rahbari Gagik Sarukyan esa Armanistonda yangi Hukumat tuzilishi mamlakatni qiyin vaziyatdan olib chiqishga yordam berishini aytgan. 

"Mamlakatni hozirgi og‘ir vaziyatdan olib chiqish uchun yangi Hukumat tuzish kerak. Buning yagona qonuniy yo‘li - bu muddatidan oldin parlament saylovlari", deb yozgan Sarukyan o‘zining Facebook sahifasida. 

Unga ko‘ra, o‘z ovoziga ega bo‘lgan xalq keyingi hokimiyatni kimga ishonib topshirishini hal qilishi kerak. 

"20 iyun kuni Armanistonda muddatidan oldingi parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Xalqimizga tinchlik, Xudo bizni asrasin", deb yozgan Sarukyan. 

Armanistondagi vaziyat fevral oyida, Bosh shtab boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Tiran Xachatryan Pashinyanni tanqid qilganida keskinlashdi. Shundan so‘ng, Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan Pashinyanning taklifiga binoan, Bosh shtab rahbarining birinchi o‘rinbosari Tiran Xachatryanni ishdan bo‘shatdi. 25 fevral kuni Armaniston armiyasi mamlakat Bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qildi.  

Bosh vazir Bosh shtab boshlig‘i Onik Gasparyanni ham lavozimidan ozod etish to‘g‘risida Prezidentga ikki marotaba murojaat yubordi. 10 mart kuni Pashinyan Gasparyan o‘z lavozimidan ozod qilinganini aytdi, chunki Prezident farmonni o‘z vaqtida imzolamagan va Konstitutsiyaviy sudda unga qarshi chiqmagandi. Armaniston Ma’muriy sudi esa Onik Gasparyanni mamlakat Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i lavozimida yakuniy qaror qabul qilingunga qadar ushlab turishiga qaror qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Armaniston Pashinyan

Baholaganlar

59

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing