Armanistonda ro‘y bergan qotillik ortidan 500 kishilik janjal kelib chiqdi
Olam
−
29 aprel 2020
9436Armanistonning Gavar shahrida kecha, 28 aprel kuni kechqurun otishma oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Mahalliy matbuotning xabar berishicha, hujum qilgan shaxslar avtomobilda voqea joyidan yashirinmoqchi bo‘lgan, biroq YTHga uchrab, shifoxonaga yotqizilgan.
Poytaxt Yerevandan Gavarga ko‘plab politsiya kuchlari yuborilgan. Voqea joyiga Armaniston ichki ishlar vaziri Arman Sarkisyan ham yetib kelgan.
Shifoxona politsiya nazorati ostiga olingan. Ammo halok bo‘lganlardan birining qarindoshlari va do‘stlari tibbiy markazga bostirib kirishgan va “samosud” uyushtirgan.
Gegarkunik viloyati gubernatori Gnel Sanosyanning so‘zlariga ko‘ra, 500 ga yaqin kishi shifoxonaga yoprilib kelgan.
“Ular shifoxonaning buyumlarini sindirishdi, yaradorlar yotgan xonaga etib borib, ularning bo‘g‘izlarini kesib tashlashdi va keyin ketishdi. Politsiya ularga xalaqit bera olmadi”, deb yozmoqda mahalliy OAV.
Armaniston politsiyasining matbuot xizmati xabar berishicha, voqea yuzasidan “ikki yoki undan ortiq kishini o‘ldirish, qurol va o‘q-dorilarni noqonuniy olish va saqlash” moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi