Armaniston va Rossiya Mudofaa vazirlari Qorabog‘ sulhining buzilishini muhokama qildi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasida amaliy tashrif bilan bo‘lgan Armaniston Mudofaa vaziri Vagarshak Arutyunyan rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan uchrashuvda Tog‘li Qorabog‘ning Hadrut mintaqasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimining buzilishini muhokama qildi. Bu haqda Armaniston Harbiy departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

“12 dekabr kuni Ozarbayjon Qurolli Kuchlari 9 noyabrdagi uch tomonlama bayonot talablarini buzgan holda, qo‘shimcha xodimlar, harbiy texnika va og‘ir artilleriya to‘plab, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasining Xadrut mintaqasidagi Xin Tager va Xsaberd qishloqlariga zarba berdi. Mudofaa vaziri Vagarshak Arutyunyan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvda ushbu masalani muhokama qildi”, deyiladi xabarda.

Armaniston Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Ozarbayjon kuchlari Xin Tager qishlog‘iga kirishga, shuningdek Xsaberd qishlog‘iga yaqinlashishga muvaffaq bo‘lgan.

“Ozarbayjon provokatsiyasi oqibatida Armaniston tomonidan olti kishi jarohat oldi, dushman tarafda ham yo‘qotishlar va yaradorlar bor”, deyiladi xabarda.

Bayonotda keltirilishicha, Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon tomonining provokatsiyasini qat’iyan qoralaydi. Unga ko‘ra, Armaniston, Rossiya va Ozarbayjon rahbarlari tomonidan imzolangan jangovar harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimning asosiy talabiga zid bo‘lgan hozirgi vaziyat “Rossiya Prezidentining bevosita sa’y-harakatlari tufayli erishilgan tinchlikni xavf ostiga qo‘yadi”.

Shuningdek, Harbiy departament hozirgi vaqtda ham vaziyatni hal qilish va tomonlarni avvalgi holatiga qaytarish maqsadida Hadrut mintaqasidagi Armaniston, Rossiya va Ozarbayjon harbiylari o‘rtasida muzokaralar olib borilayotganini xabar qilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Keyinchalik, Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari Tog‘li Qorabog‘da hujumga o‘tganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

139

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing