Armaniston iltimosi bilan chaqirilgan BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi qanday o‘tdi?

Olam

image

Kecha, 16 avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashida Lochin yo‘lagining yopilishi bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilindi. Bu haqda BMT rasmiy saytida xabar qilindi.

Yig‘ilish Armaniston tashabbusi bilan chaqirilgan edi. Unda qatnashgan Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan mintaqadagi falokatning oldini olish Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy mas’uliyati ekanini aytgan.

“Armaniston gumanitar karvon yubordi, u hamon Lochin yo‘lagiga kiraverishda qolmoqda, chunki Ozarbayjon tomoni uni Qoraboqqa yetkazishga to‘sqinlik qilmoqda”, degan vazir.

O‘z navbatida, Ozarbayjonning BMTdagi vakili Yashar Aliyev Mirzoyanning so‘zlarini asossiz va isbotsiz ayblovlar deb baholadi. Shuningdek, U, Yerevanni jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishga urinishda aybladi.

“Armaniston gumanitar masala sifatida ko‘rsatmoqchi bo‘layotgan narsa aslida Ozarbayjon suvereniteti va hududiy yaxlitligiga putur yetkazish maqsadida olib borilayotgan provokatsion va mas’uliyatsiz siyosiy kampaniyadir”, degan Aliyev.

Keyinchalik Yashar Aliyevning bu fikrini turkiyalik mavqedoshi Sedat O‘nal ham qo‘llab-quvvatlagan.

“Turkiya mintaqadagi barqarorlik va xavfsizlikdan bevosita manfaatdor davlat, shuningdek, tashabbuslarning faol ishtirokchisi sifatida Armanistonning xalqaro platformalardan siyosiy ayblovlar, jumladan, Lochin yo‘lagi mavzusida foydalanishga urinishidan jiddiy xavotirda”, degan Sedat O‘nal.

Shuningdek, Albaniya va Braziliya vakillari ham hech bo‘lmaganda Ozarbayjonni ham eshitishga chaqirgan. Diplomatlar BMTdagi hamkasblariga Xonkendi-Agdam yo‘li ochiq ekanini eslatgan. Bu bilan ular Armanistonga agar Yerevanda “insonparvarlik ehtiyojlari” bo‘lsa, Ozarbayjon taklif qilgan yo‘lni tanlashi kerakligiga shama qilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) esa Lochin yo‘lagini o‘z ichiga olgan marshrutlar bo‘ylab odamlar va yuklarning harakatlanishi bilan bog‘liq muammolar haqida ma’lumotga ega ekanini bildirdi. Shuningdek, OCHA rasmiy vakili Edem Vosornu Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashgan hududlarda oziq-ovqat va dori-darmon tanqisligi, elektr ta’minotidagi uzilishlardan ham xabardorligini aytdi. 

Uning ta’kidlashicha, OCHA hozirda bu ma’lumotni mustaqil ravishda tekshirish imkoniyatiga ega emas. Biroq, boshqarma ushbu hududlarga kirish huquqiga ega yagona xalqaro gumanitar tashkilot – Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ) vakillari bilan doimiy aloqada.

“Tibbiy evakuatsiya davom etayotganiga qaramay, XQXQ 7 iyuldan buyon hududga tibbiy buyumlar yetkazib bera olmadi, oziq-ovqat yetkazib berish esa 14 iyun kuni to‘xtatildi. XQXQ asosiy oziq-ovqat va hayotni saqlab qoladigan dori-darmonlarning tashvishga soladigan darajada yetishmovchiligiga e’tibor qaratadi”, degan Vosornu.

Vosornu tomonlarning insonparvarlik sa’y-harakatlariga to‘sqinlik qilmaslik va siyosiylashtirmaslik majburiyati borligini ta’kidlagan.

Yig‘ilishda qatnashgan Rossiyaning BMTdagi vakili esa mojaroga faqat Armaniston va Ozarbayjongina yechim topa olishi, tashqaridan o‘rnatilgan hech qanday sxema va yechim ularning o‘zaro muloqoti o‘rnini bosa olmasligini aytgan.

“Umid qilamizki, jarayonning barcha ishtirokchilari Qorabog‘ning o‘n minglab aholisining og‘ir ahvolini yengillashtirish maqsadida kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun siyosiy iroda topadi”, degan Rossiya Federatsiyasining BMTdagi vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy.

AQSH esa Ozarbayjonni Lochin yo‘lagidagi qatnovni tiklashga chaqirgan.

“Qo‘shma Shtatlar Qorabog‘dagi gumanitar vaziyatdan va Lochin yo‘lagining yopilishi, zaruriy tovarlarga yo‘l qo‘yilmasligi va gumanitar vaziyatning keskinlashuvidan juda xavotirda. Biz Ozarbayjon hukumatini tijorat, gumanitar va shaxsiy transport vositalari Qorabog‘ aholisiga yetib borishi uchun yo‘lak bo‘ylab erkin harakatlanishni tiklashga chaqiramiz”, degan AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild. 

BMT Xavfsizlik Kengashidagi muhokamadan so‘ng hech qanday rezolyutsiya yoki qo‘shma deklaratsiya qabul qilinmagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Turkiya Ozarbayjon BMT Armaniston Xavfsizlik Kengashi Qorabog' Lochin yo'lagi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing