Arxeologlar Amir Temur qabrini ochdimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tgan yilning dekabrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumining Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasida Amir Temur qabrini ochish bo‘yicha qarori qabul qilingani va joriy yilning 23 fevral kuni arxeologlar tomonidan maqbara ochilgani haqida xabar tarqaldi. Fanlar akademiyasi Matbuot xizmati mazkur xabar yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Qayd etilishicha, ushbu xabar yolg‘on. Fanlar akademiyasida ushbu masala muhokama qilinmagan va kun tartibiga qo‘yilmagan. Arxeologlar tomonidan ham hech qanday qazishmalar olib borilmagan va rejalashtirilmagan. Shu bilan bir qatorda xabarda keltirilgan qazishma rahbari deb aytilgan Toshmuhammad Qori-Niyoziy 1970 yilda vafot etgan bo‘lib, birinchi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti hisoblanadi. Umuman olganda ushbu xabar 1941 yildagi ma’lumotlar asosida tayyorlangan.

Xabarga ko‘ra, Amir Temur maqbarasi 1941 yilning 16-22 iyun kunlari hukumatning maxsus qarori bilan ochilgan bo‘lib, ekspeditsiyaga professor Toshmuhammad Qori-Niyoziy rahbarlik qilgan. Dastlab Amir Temurning o‘g‘illari Mironshoh, Mirzo Shohruh, nevarasi Mirzo Ulug‘bekning, 1941 yilning 19 iyunida esa o‘zining qabri ochilgan.

Undan so‘ng Amir Temurning nevarasi Muhammad Sultonning qabri ham ochilgan. Antropolog M.M.Gerasimov o‘zi yaratgan usul bilan Amir Temur, Mironshoh, Shohruh, Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Sultonlarning hujjatli portretlarini yaratgan. 1942 yilning oxirlariga kelib, Amir Temur maqbarasidan qazib olingan suyaklar ilmiy jihatdan o‘rganib bo‘lingach, qaytadan o‘z joylariga dafn etilgan.

“Hurmatli jurnalist va blogerlar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, bu kabi asoslantirilmagan yolg‘on xabar va ma’lumotlarni tarqatmasligingizni so‘rab qolamiz!”, deyiladi munosabatda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1561

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing