“Arqadag‘”ning ketishi yaqin: Turkmanistonda saylov kampaniyasi boshlandi 

Olam

image

Turkmanistonda bugun, 14 fevral kuni navbatdan tashqari Prezident saylovi doirasida kampaniya boshlandi va uning birinchi bosqichi nomzodlarni ko‘rsatishdan iborat. 

Turkmaniston Saylov kodeksiga muvofiq, nomzodlar ko‘rsatish huquqi saylov tayinlangan kungacha ro‘yxatga olingan siyosiy partiyalarga, shuningdek, fuqarolar guruhlariga tegishli.

Siyosiy partiyalar o‘z qurultoylarida prezidentlikka nomzodlarni ko‘rsatadi. Turkmanistonda uchta siyosiy partiya — Turkmaniston Demokratik partiyasi, Turkmaniston agrar partiyasi hamda Turkmaniston sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi mavjud.

Turkmaniston prezidentligiga nomzod fuqarolar guruhlari tomonidan ko‘rsatilganda, u saylovchilarning kamida 10 ming imzosi bilan qo‘llab-quvvatlanishi kerak.

Turkmanistonda tug‘ilgan, yoshi qirqdan kam bo‘lmagan, davlat tilini biladigan, so‘nggi o‘n besh yil davomida mamlakatda doimiy yashab va ishlab kelayotgan mamlakat fuqarosi Turkmaniston Prezidenti etib saylanishi mumkin. Turkmaniston Prezidenti to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakat xalqi tomonidan yetti yil muddatga saylanadi va u qasamyod qilgan paytdan boshlab o‘z vazifasini bajarishga kirishadi.

Turkmanistonda oxirgi marta prezidentlik saylovi 2017 yilda bo‘lib o‘tgan. O‘shanda mamlakatdagi eng oliy davlat lavozimiga 8 nafar nomzod hujjat topshirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkmanistonda navbatdan tashqari Prezident saylovi 12 mart kuni o‘tkaziladi.

Avvalroq, Turkmanistonni 15 yildan beri boshqarib kelayotgan Gurbanguli Berdimuhamedov parlament yuqori palatasi – Xalq maslahati yig‘ilishida o‘z lavozimini yosh rahbarga topshirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. U o‘zida faqat Xalq maslahati raisi lavozimi qoldirmoqchi.

Turkmaniston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq “Arqadag‘”ning o‘g‘li Sardor Berdimuhamedov prezidentlikka da’vogarlik qilishi mumkin. 2021 yilning 10 iyul kuni otasi uni Bosh vazirning moliya va iqtisod masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlagan edi. Bungacha u hukumatda turli yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Ma’ulmot uchun, Turkmanistonni 2007 yildan beri asli kasbi shifokor bo‘lgan Gurbanguli Berdimuhamedov boshqarib kelmoqda. U bir vaqtning o‘zida Vazirlar Mahkamasi raisi, parlament yuqori palatasi raisi va Oliy bosh qo‘mondon hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

saylov Turkmaniston

Baholaganlar

173

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing