Aripovga qator tuman hokimlarining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirildi

Jamiyat

image

Bosh vazir Abdulla Aripovga yil davomida auksionga umuman yer chiqarmagan Baliqchi, Jalaquduq, Bektemir, Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi 2024 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Byudjet tushumi uchun eng katta zaxira – yerlarni tadbirkorlarga auksion orqali sotish. O‘tgan yili bundan 1 trillion so‘m tushum bo‘lgan, 12 mingta yangi loyihalar qo‘shilgan. Lekin joylardagi sustkashlik bois, o‘tgan yili 3 trillion so‘m qo‘shimcha tushum boy berilgan.

Ushbu yig‘ilishda Bosh vazirga yil davomida auksionga umuman yer chiqarmagan Baliqchi, Jalaquduq, Bektemir, Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirilgan.

Davaktiv agentligi yerlarni auksionda sotish bo‘yicha 4 trillion so‘mlik rejani tumanbay ishlab chiqishi va ijrosini ta’minlashi belgilandi.

Tumanning master rejasi bo‘lsa, bu juda katta mablag‘, tadbirkorlar va bandlik uchun manba bo‘ladi. Lekin hozirgacha bor-yo‘g‘i 17 ta kichik aholi punktining master rejasi tayyorlangan.

Videoselektorda iqtisodiy kompleks rahbariyatiga yil yakuniga qadar 70 ta, kelasi yili barcha tumanlarning master rejalarini ishlab chiqishga topshiriq berilgan.

“Bugungi kundagi eng dolzarb masala, bu – yashirin iqtisodiyot”, deydi Prezident.

Tahlillar xizmatlar, qurilish, sanoat sohalarida o‘nlab trillion so‘mlik mahsulot “soya”da qolayotganini ko‘rsatmoqda. Bu orqali yalpi ichki mahsulotga 135 trillion so‘m, byudjetga 30 trillion so‘m tushum yo‘qotilmoqda.

Masalan, qurilish korxonalarining 41 foizi hisobotida faqat 1 nafar ishchisini ko‘rsatgan. Vaholanki, bu korxonalar o‘tgan yilni o‘zida 4 trillion so‘mlik qurilish ishlarini bajargan. Yoki kamida 25 gektardan yeri bor 5 mingta meva-sabzavotchilik fermer xo‘jaligida 1 tadan rasmiy ishchi ro‘yxatdan o‘tgan.

“Bir narsani aniq tushunish zarur. Yashirin iqtisodiyot, avvalambor, to‘g‘ri ishlayotgan tadbirkorlar faoliyatiga katta to‘siq bo‘lyapti. Bugungi kunda intizomli tadbirkorlar “qani adolatli raqobat” degan haqli e’tirozlarini ko‘p-ko‘p aytyapti”, deydi davlat rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing