Aripov va “Tolibon” vakillari Termiz xalqaro savdo markazini ochib berdi
Jamiyat
−
29 avgust
8582Bugun, 29 avgust kuni Termiz shahrida “Termiz xalqaro savdo markazi”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Afg‘onistondagi "Tolibon" muvaqqat hukumatida bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shaxin Mustafayev, Qirg‘iz Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vazirining o‘rinbosari Nazarbek Malayev, Qozog‘iston Respublikasi Savdo va integratsiya vazirining o‘rinbosari Qayrat Torebayev va boshqalar ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston hukumati portalida xabar berildi.
"Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mintaqadagi barcha davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi. Qayd etilganidek, qulay ishbilarmonlik muhiti va logistikani yaratish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun zarur sharoit yaratish maqsadida “Termiz xalqaro savdo markazi” barpo etildi", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mazkur Markaz mintaqada savdo aloqalarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim platformaga aylanishiga ishonch bildirildi. Shuningdek, Markazda Afg‘oniston fuqarolariga savdo-sotiq qilishlari, ta’lim, tibbiyot hamda boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘z yuritildi.
Ramziy tasma kesilib, Markaz rasman ochilganidan so‘ng, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston Qirg‘iziston va boshqa mamlakat diplomatik korpus vakillari “Termiz xalqaro savdo markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston Bosh vaziri Termiz shahrida "Tolibon" bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar hamda Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shaxin Mustafayev bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Eslatib o‘tamiz, 17 avgust kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘onistonga borgandi. Abdulla Aripov hamda “Tolibon” muvaqqat hukumati rahbariyati o‘rtasida 5 ta shartnoma imzolandi. Ikki davlat orasida o‘zaro savdo aylanmasini 2024 yilda 1 milliard dollarga, yaqin yillarda esa 3 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlar mavjudligi, buning uchun ishga solinmagan resurslarni o‘zaro manfaatli asosda amaliyotga izchil tatbiq etish lozimligi alohida ta’kidlandi. Bildirilishicha, joriy yilning 1 oktyabridan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida Imtiyozli savdo kelishuvi ishga tushadi.
LiveBarchasi