Aripov “Tolibon” bosh vazirining o‘rinbosari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
22 fevral
4040Bugun, 22 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdulg‘ani Barodar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Bosh vazir matbuot kotibi xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va “Tolibon” o‘rtasidagi aloqalar do‘stlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangani, Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan barcha sohalarda konstruktiv va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni izchil rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Ma’lumot uchun, 22-23 fevral kunlari Barodar boshchiligidagi “Tolibon” delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif dasturidan Toshkent shahridagi bir qator ishlab chiqarish ob’ektlarining faoliyati bilan yaqindan tanishish ham o‘rin olgan. Ikki kunlik tashrifdan Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, savdo va tranzit aloqalarni kengaytirish, shuningdek, Afg‘onistonga o‘zbek investitsiyasini jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining bosh vazir o‘rinbosari Mulla Abdulg‘ani Barodar rahbarligidagi delegatsiya bugun, 22 fevral kuni Qobuldan Toshkentga yo‘l olgandi. Ularni Toshkent xalqaro aeroportida Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev va O‘zbekistondagi “Tolibon” elchisi Shayx Abdug‘affor Bahr kutib olgandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


