Aripov IHT sammitida O‘zbekistonning Falastin bo‘yicha taklifini ochiqladi

Jamiyat

O‘zbekiston Falastin xalqi bilan birdamligini tasdiqlaydi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Islom hamkorlik tashkilotining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq Falastinning o‘z mustaqil davlatini barpo etish huquqini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Ar-Riyodda o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasining navbatdan tashqari qo‘shma sammitida aytib o‘tdi.

“Zo‘ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatni keng miqyosda izdan chiqarishiga, qurolli to‘qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga sabab bo‘lishi muqarrar. Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin. Eng xavflisi va achinarlisi, ushbu mojaro dinlar, svilizatsiyalar va madaniyatlar o‘rtasida aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan ziddiyatlarga olib kelishi mumkin”, degan Abdulla Aripov.

Shuningdek, u O‘zbekiston bu borada tegishli diplomatik choralar ko‘rayotganini, Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra, BMTning Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) orqali G‘azo sektori aholisiga moddiy yordam ko‘rsatilganini qo‘shimcha qilgan. 

“Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro platformalarda ushbu fojiani to‘xtatishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Joriy yilning 27 oktyabr kuni 120 ta davlat bilan birgalikda BMT Bosh Assambleyasining G‘azo sektorida o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan  maxsus rezolyutsiyasini yoqlab ovoz berdik. Mazkur masalani kuni kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida, avvalroq esa Turkiy Davlatlar Tashkiloti oliy darajadagi yig‘ilishida ham muhokama qildik”, degan O‘zbekiston Bosh vaziri.

Aripov tomonlarni gumanitar maqsadlarda zudlik bilan keng qamrovli murosaga kelishga, harbiy harakatlarni to‘xtatishga va mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan. Shuningdek, u O‘zbeksiton Islom hamkorlik tashkiloti va unga a’zo davlatlar doirasida ushbu muammoni hal qilishga qaratilgan konstruktiv tashabbuslar va diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. 

“Musulmon ummatining tinchligi, farovon turmushi va ravnaqi yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatlarimizda Allohning O‘zi madadkor bo‘lsin. E’tiboringiz uchun rahmat”, deya xulosa qilgan Abdulla Aripov.

Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud tomonidan tashkillashtirilgan mazkur sammitda ko‘plab davlatlar rahbarlari, xususan, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Suriya Prezidenti Bashar Asad, Iordaniya Qiroli Abdulla II, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov kabi rahbarlar qatnashdi. O‘zbekiston delagatsiyasiga esa Bosh vazir Abdulla Aripov boshchilik qildi.

Eslatib o‘tamiz, qo‘shma sammitda so‘zlagan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin davlatini yaratish tarafdori ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Abdulla Aripov Falastin Islom hamkorlik tashkiloti Ar-Riyod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made