Argentina Madridda final o‘yinini o‘tkazishdan bosh tortdi
Sport
−
10:56 811 1 daqiqa
Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) Madrid shahridagi “Santyago Bernabeu” stadionini Finalissima uchrashuvi o‘tkaziladigan joy sifatida qabul qilmoqchi emas. Bu haqda jurnalist Gaston Edul ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi.
Avvalroq Ispaniyaning COPE radiosi amaldagi Yevropa va Janubiy Amerika chempionlari – Ispaniya hamda Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi Finalissima uchrashuvi Madriddagi “Santyago Bernabeu” stadionida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgani haqida xabar qilgan edi.
Manbaga ko‘ra, AFA ushbu o‘yinni mazkur stadionda o‘tkazmaslikka qaror qilgan. Janubiy Amerika Futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL) yaqin kunlarda bu qaror haqida UEFA’ga xabar beradi.
Uchrashuv dastlab Qatar davlatidagi “Lusail” stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq, Qatar Futbol assotsiatsiyasi mintaqadagi beqaror vaziyat sabab barcha turnir va musobaqalar keyingi xabarnomagacha qoldirilganini e’lon qildi. Shu bilan birga, Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi o‘yin bo‘yicha aniq bayonot berilmadi.
Ma’lumot uchun, Finalissima musobaqasining amaldagi g‘olibi Argentina hisoblanadi. 2022 yilda argentinaliklar London shahridagi “Uembli” stadionida Italiya terma jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etgan edi.