Argentina BRICS'ga a’zolikdan rasman voz kechdi
Olam
−
30 dekabr 2023
6942Argentina Prezidenti Xaver Miley Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Prezidentlariga yo‘llagan maktublarida BRICS davlatlararo assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lish taklifini rasman rad etdi. Bu haqda Argentina Prezidenti ma’muriyati xabar qildi.
Maktublar matnida aytilishicha, Argentinaning a’zoligi hozirgi vaqtda maqsadga muvofiq emas.
“Xaver Miley uning tashqi siyosati Alberto Fernandesning oldingi hukumatidan ko‘p jihatlari bilan farq qiladi va avvalgi ma’muriyat tomonidan qabul qilingan ba’zi qarorlar qayta ko‘rib chiqilishini aytdi”, deyiladi Argentinaning TN gazetasi xabarida.
Shuningdek, mamlakat Prezidenti BRICS'ga qo‘shilishdan bosh tortganiga qaramay, Argentina ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish, xususan, savdo va sarmoya oqimini oshirish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
“Argentina o‘zining geosiyosiy pozitsiyasini birinchi o‘ringa qo‘ydi. Bu Venesuela, Kuba va Nikaragua bilan munosabatlarning sovishi, shuningdek, so‘nggi haftalarda Xitoy bilan munosabatlarda paydo bo‘lgan "qisqa tutashuv" dan tashqari yana bir burilishdir", deyiladi TN tahlilida.
Argentina avgust oyida bo‘lib o‘tgan Yoxannesburg sammitida 2024 yil 1 yanvardan boshlab a’zoligini 5 dan 11 tagacha kengaytirishni rejalashtirgan BRICS guruhiga qo‘shilish uchun taklif etilgan olti davlat qatorida edi. Hozirda BRICS tarkibiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika kiradi. Ular birgalikda dunyo aholisining 40 foizdan ortig‘ini va jahon iqtisodiyotining qariyb 26 foizini tashkil qiladi.
LiveBarchasi