Arbeloa “Fulhem” bosh murabbiyi etib tayinlandi
Sport
−
11:10 301 2 daqiqa
Ispaniyalik mutaxassis, “Real Madrid” sobiq ustozi Alvaro Arbeloa Angliyaning “Fulhem” klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, tomonlar o‘rtasida imzolangan shartnoma 2028-2029 yilgi mavsum yakuniga qadar amal qiladi.
Arbeloa 2026 yil yanvaridan boshlab “Real Madrid” bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan edi. Uning qo‘l ostida jamoa 28 ta uchrashuvda 18 ta g‘alaba, 2 ta durang va 8 ta mag‘lubiyat qayd etdi.
Muttaxassis joriy yilning 9 iyun kuni “Real Madrid”ni tark etgandi.
43 yoshli Arbeloa murabbiylik faoliyatidan avval futbolchilik karerasida ham muvaffaqiyatli yo‘lni bosib o‘tgan. U 2001 yildan “Real Madrid” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, 2006 yilda “Deportivo La-Korunya”ga o‘tgan. 2007 yil qishida esa Angliyaning “Liverpul” klubiga ko‘chib o‘tib, ikki yarim mavsum u yerda to‘p surgan.
2009 yilda Arbeloa yana “Real Madrid”ga qaytdi va jamoa bilan eng yorqin davrlarini o‘tkazdi. 2016 yil yozida u “Vest Hem” bilan bir yillik shartnoma imzoladi.
Murabbiylik faoliyatini 2020 yilda “Real Madrid” akademiyasida boshlagan Arbeloa turli yosh toifalaridagi jamoalar bilan ishladi. 2025 yilda esa klubning yoshlar jamoasiga rahbarlik qildi.
Eslatib o‘tamiz, “Fulhem” o‘tgan mavsum Angliya Premer-ligasini 11-o‘rinda yakunlagan edi.
Live
Barchasi