Arab shayxlari PSJni epaqaga keltirguncha qancha pul “to‘kib-sochgani” ma’lum bo‘ldi

Sport

image

Fransiyaning PSJ klubi 2000-yillardan 2022 yilgacha yangi futbolchilarni transfer qilish uchun 1,83 milliard yevro sarflagan. Bu haqda “Goal” nashri yozmoqda.

“Qatar Sports Investments” 2011-2012 yilning mart oyidan Parij Sen-Jermen klubning yangi va yagona egasi aylandi. Qatarliklar fransuz klubining yagona sohibi bo‘lishdan avval ham “yovvoyi” transfer bozoridagi narxni sezilarli darajada oshirib yuborgandi.

PSJ rahbarlari o‘zlarining Yevropa Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lish bo‘yicha yakuniy missiyasi yo‘lida so‘nggi o‘n yil ichida ko‘plab katta va mashhur transferlarga pul sarfladi.

Qatarliklar 2017 yilda Neymar uchun 222 million yevro sarflab, jahon rekordini o‘rnatib, transfer bozorini butunlay o‘zgartirganini hammamiz yaxshi eslaymiz. O‘sha paytlarda Neymar uchun sarflangan pul futbol uchun ham aqlbovar qilmas darajada katta pul edi. Biroq PSJning egalari futbol jamoatchiligini hayratlantirishdan to‘xtamadi. 2018 yilda Kilian Mbappeni Parij klubiga olib kelish uchun “Monako”ning hisob raqamiga 180 million yevro o‘tkazib berildi. Bu tarixdagi ikkinchi eng qimmat transfer edi. 

PSJning XXI asrda amalga oshirgan transferlari bilan quyidagi jadvalda tanishishingiz mumkin:

Shuningdek, “Goal” “Transfermarkt” portalining ma’lumotlariga tayanib PSJ tarixidagi eng qimmat 10 ta transferni ham e’lon qildi.

10. Xaver Pastore PSJ “Qatar Sports Investments” qo‘liga o‘tganidan so‘ng olib kelingan ilk katta yulduz hisoblanadi. Italiyaning “Palermo” klubida o‘zini ko‘rsatgan Xaver uchun fransuz klubi 42 million yevrodan voz kechdi. Albatta, bunday raqamlar 2011 yil uchun anchayin yirik edi. Ammo Pastore o‘ziga sarflangan pulni to‘liqligicha oqladi deyish mumkin. Har holda, argentinalik yarim himoyachi PSJ safida 7 yil o‘ynab, 186 ta o‘yinda maydonga tushgan va 29 ta gol urgan. Hozirda Pastore Ispaniyaning “Elche” klubida to‘p tepmoqda.

9. Tyago Silvaning “Milan”ni PSJga almashtirishi mojarolarga boy bo‘lgan. 2012 yilda Silvaning PSJga o‘tishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar tarqaladi. Biroq “Milan” rasmiylari ushbu xabarlarni keskin rad etadi. Italiyaning grand klubining o‘sha paytlardagi xo‘jayini Silvio Berluskoni Tyago Silvadan jamoada qolishini talab qiladi. Fransiya klubiga o‘tishidan 12 kun avval Tyago “Milan” bilan 2017 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolaydi. Biroq baribir braziliyalik futbolchi PSJ safiga o‘tdi. “Milan” esa himoyachisi uchun qatarliklardan 42 million yevro oldi.

8. 2021 yilda PSJ “Sporting”dan Nunu Mendeshni ijaraga oldi. 2022 yilning yozida esa Parij klubi Mendeshni 48 million yevroga to‘laqonli sotib oldi. Nunu endigina 20 yoshga to‘lganini inobatga olsak, uni PSJda yorqin istiqbol kutib turgan bo‘lishi mumkin.

7. Parij Sen-Jermen 2014 yilda “Chelsi”da David Luisni 49,50 million yevro evaziga sotib oldi. Natijada, David futbol tarixidagi eng qimmatga sotilgan himoyachiga aylandi. PSJda ikki mavsum o‘ynab, barcha mahalliy sovrinlarni yutgan Luis “Chelsi”ga qaytdi. Ayni damda David Luis Braziliyaning “Flamengo” klubida javlon urmoqda.

6. Mauro Ikardi 2019 yilda “Inter”ni PSJ bilan almashtirdi. Dastlab, Parij klubi Mauroni 70 million yevroga sotib olish sharti bilan ijaraga oldi. O‘sha yili parijliklar Yevropa Chempionlar ligasining finaliga qadar yetib borishdi. Hal qiluvchi o‘yinda zaxirada qoldirilganiga qaramay, Ikardi YeCHLda PSJning ikkinchi raqamli to‘purariga aylandi. Undan oldinda faqatgina Mbappe bor edi, xolos. 2020 yilda PSJ “Inter” bilan Ikardini butunlay sotib olish masalasini muhokama qildi. Natijada, argentinalik hujumchi 50 million yevro evaziga Parij klubining futbolchisiga aylandi. Biroq Ikardi qanchalik urinmasin Fransiyada o‘zini ko‘rsata olmadi. U o‘tgan yozda PSJni tark etib, “Galatasaroy” safiga borib qo‘shildi.

5. Anxel Di Mariya 2014 yilning yozida “Real Madrid”dan “Manchester Yunayted”ga o‘tdi. Biroq Di Mariya “qizil iblislar” safida o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish qila olmadi. Shuning uchun “Yunayted” rahbariyati Anxelni PSJga 63 million yevroga sotib yubordi. Di Mariya va PSJ bir-biriga “uzukka ko‘z qo‘ygandek” mos tushdi. Argentinalik vinger PSJda o‘tkazgan 7 mavsumida 295 ta o‘yinda ishtirok etib, 92 ta gol urgan va 112 ta golli uzatma amalga oshirgan. 2022 yilning yozida Di Mariya PSJni erkin agent sifatida tark etib, “Yuventus” bilan shartnoma imzoladi.

4. Yevrofutbolga “Napoli” orqali yorib kirgan Edinson Kavani 2013 yilda 64,50 million yevro evaziga PSJ safiga qo‘shildi. O‘sha paylarda bu dunyoning eng qimmat 6-raqamli transfer bo‘lgandi. Kavani PSJ tarkibida barcha mahalliy sovrinlarni bir necha marotaba yutdi. Parij klubida Mbappe va Neymarning erasi boshlangach, Kavani zaxiraga mixlandi. Urugvaylik hujumchi 2020 yilda “Manchester Yunayted” safiga borib qo‘shildi. Kavani PSJ tarixidagi eng yaxshi to‘purarlardan biri hisoblanadi. Uning hisobida 157 ta gol mavjud. Hozirda Edinson Ispaniyaning “Valensiya” klubida to‘p tepmoqda.

3. PSJ 2021 yil Ashraf Hakimini 66,50 million yevro evaziga “Inter”dan sotib oldi. Ko‘p o‘tmay, marokashlik himoyachi Fransiyadagi sharoitga moslashib, PSJ asosiy tarkibining ajralmas qismiga aylandi. Hakimi “Trua”ga qarshi debyut o‘yindayoq gol urgan edi.

2. Kilian Mbappe 2016-2017 yilgi mavsumda “Monako”ning Fransiya chempioniga aylanishga yordam berdi. Kilian Mbappe tez orada Yevro futbol sahnasida katta fenomenga aylandi. Unga dunyoning eng yaxshi klublari qiziqish bildirishdi. Oxir-oqibat PSJ hujumchini qo‘lga kiritish imkoniyatidan foydalandi. Dastlab PSJ 2017 yilning avgustida Kilianni ijaraga oldi. Mbappe Fransiyaning grand jamoasi tarkibida 1 mavsum ajoyib o‘yin namoyish qildi. 2018 yilda Parij klubi 180 million yevro evaziga Mbappeni sotib olganini e’lon qildi. Bu uni futbol tarixidagi ikkinchi eng qimmat transferga aylantirdi. Mbappe poytaxtga ko‘chib o‘tganidan beri PSJ uchun barcha musobaqalarda 200 ga yaqin gol urdi.

1. Neymar 2017 yilda 222 million yevrolik tovon puli evaziga “Barselona”dan PSJga ko‘chib o‘tdi. Bu futbol tarixidagi eng qimmat transferga aylandi. Neymar PSJ bilan Fransiyadagi barcha sovrinlarni yutdi. Biroq Parij klubi braziliyalik futbolchini YeCHLda zafar quchish uchun olib kelgandi. Neymar kelgani bilan orzu orzuligicha qoldi. 2017 yildan beri Neymar Junior PSJ uchun 100 dan ortiq gol urdi.

Ushu ro‘yxatda Lionel Messi yo‘q. Negaki, PSJ Messini erkin agent sifatida olib kelgan. PSJ Yevropa Chempionlar ligasida g‘alaba qozona olmayapti. Ertami-kechmi qatarliklarning bu orzusi ham amalga oshar. Lekin bir narsa borki, buni hech qachon yoddan chiqarib bo‘lmaydi. Futbol tarixidagi eng zo‘rlaridan biri bo‘lmish Messi haqida gapirilganida, PSJ ham eslanadi. Bu esa bor-yo‘g‘i ikki dekada oldin kamtaringina bo‘lgan jamoa uchun sezilarli yutuq.


Maqola muallifi

Teglar

Lionel' Messi Kilian Mbappe Neymar Edinson Kavani Anxel Di Mariya

Baholaganlar

196

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing