Arab Ligasi BMTdan Isroilni Suriyadan chiqishga majburlashni so‘radi
Olam
−
05 mart 2025 4755 2 daqiqa
Arab davlatlari ligasiga a’zo davlatlar Isroilning Suriyaga bostirib kirishini qoralab, BMT Xavfsizlik kengashini respublikaga qarshi tajovuzni to‘xtatishga majbur qilishga chaqirdi. Bu haqda kecha, 4 mart kuni Misrning yangi ma’muriy poytaxtida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy tashkilotning favqulodda sammitining yakuniy deklaratsiyasida so‘z boradi.
“Biz Isroilning Suriya Arab Respublikasiga hujumlari va bosqinini qoralaymiz, bu xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi va Suriya suverenitetiga tajovuzdir”, deyiladi hujjatda.
Arab Ligasi davlatlari yetakchilari xalqaro hamjamiyat va BMT Xavfsizlik kengashini shoshilinch choralar ko‘rishga va “Isroilni agressiyani to‘xtatishga va Suriya hududidan qo‘shinlarini olib chiqishga majbur qilish”ga chaqirdi.
Arab yetakchilari Isroilning Jo‘lon tepaliklari bufer zonasiga bostirib kirishi 1974 yilda Suriya bilan kuchlarni ajratish kelishuvini qo‘pol ravishda buzish ekanligini aytdi.

Arab Ligasiga a’zo davlatlar Jo‘lon tepaliklarini “bosib olingan Suriya hududi” deb hisoblashini va Isroilning “u ustidan o‘z suverenitetini o‘rnatish” qarorini rad etishlarini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yil oxirida Suriyada hokimiyat almashdi. Sobiq prezident Bashar Asad Rossiyaga qochib ketdi. Hokimiyatni Ahmad ash-Shara egalladi.
Isroil kuchlari esa hech qanday qarshilikka duch kelmay, Jo‘lon tepaliklarida joylashgan Xermon tog‘ining Suriya tomonini nazorat ostiga oldi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘sha paytda 1974 yilda Suriya bilan kuchlarni ajratish to‘g‘risidagi kelishuv kuchini yo‘qotganini, chunki Suriya qo‘shinlari Damashqda hokimiyat almashganidan keyin hududni tark etganini aytdi. Keyinchalik Isroil Suriyadagi harbiy nishonlarga bir necha bor zarbalar berdi.
23 fevral kuni Netanyaxu Suriyaning yangi ma’muriyati qo‘shinlarining Damashq janubida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi va Suriyaning janubiy hududlarini “to‘liq demilitarizatsiya”ni talab qildi.
Eslatib o‘tamiz, Arab Ligasi sammiti ishtirokchilari Misr tomonidan tayyorlangan G‘azoni qayta qurish rejasi va yakuniy deklaratsiyani bir ovozdan qabul qilgandi.
Live
Barchasi