Arab davlatlari va Qatar o‘rtasida diplomatik aloqalar tiklanadi
Olam
−
05 yanvar 2021
3340Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr Qatarning 2017 yilda joriy qilingan diplomatik blokadasini bekor qiladi. Bu haqda “Reuters” AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining yuqori lavozimli amaldoriga tayanib, xabar bermoqda.
“Biz Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashida katta yutuqlarga erishdik”, deydi manba.
Blokadani olib tashlash va mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish to‘g‘risida bitim bugun, 5 yanvar kuni imzolanadi. Qatar bunga javoban arab davlatlariga qarshi da’volardan voz kechadi.
Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, blokadani olib tashlash bo‘yicha kelishuv Trampning kuyovi va katta maslahatchisi Jared Kushner yordamida amalga oshirilgan. U bugun hujjatni imzolashda ham ishtirok etadi.
Quvayt Tashqi ishlar vazirligiga asoslanib xabar berilishicha, Saudiya Arabistoni Qatar bilan havo qatnovini tiklaydi, quruqlik va dengiz chegaralarini ochadi.
Nashrga ko‘ra, Qatarga qarshi siyosiy boykotning tugashi Tramp ma’muriyatining Yaqin Sharqda Eronga qarshi ittifoq tuzish rejasining bandlaridan biridir. Shu munosabat bilan 2018 yildan beri Vashington mintaqadagi diplomatik pozitsiyalarini mustahkamlashni boshlagan.
2017 yil iyun oyida Bahrayn, Saudiya Arabistoni, BAA, Misr, Yaman, Liviya vaqtinchalik hukumati, Maldiv orollari, so‘ngra Mavritaniya Qatarni terrorchilarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishda ayblab, diplomatik aloqalarini uzgandi.
LiveBarchasi