Arab davlatlari Suriyani tiklashda birlashmoqchi. Buning qanchalik imkoni bor?

Olam

image

Kecha, 1 may kuni Iordaniya poytaxti Ammanda Misr, Iroq, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Suriya Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda muhokama qilingan asosiy mavzu Suriyadagi inqiroz va uni siyosiy yo‘l bilan hal qilish masalasi bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi. 

Yig‘ilishda qatnashgan Iroq Tashqi ishlar vaziri Fuad Husayn hozirda Suriya oldida davlatni tiklash vazifasi turgani, buning uchun esa unga arab davlatlarining ko‘magi zarurligini aytgan.

Shuningdek, vazirlar Suriya inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilishda Arab davlatlari ligasining yordam ko‘rsatishini nazarda tutuvchi yo‘l xaritasi bo‘yicha kelishib olgan.

“Ammandagi uchrashuv Suriyadagi 12 yillik mojarodan so‘ng yangi bosqichga yo‘l ochadi. Arablar siyosiy yechimda yetakchilikni o‘z qo‘llariga olishmoqda, ular iqtisodiy blokadaga barham berish va qochqinlarni o‘z vatanlariga qaytarishga intiladi”, degan Iordaniya Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadiy yig‘ilish yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Al-Safadiy Ammandagi muzokaralar ijobiy muhitda o‘tganini, ularning maqsadi Suriyaning Arab davlatlari ligasiga a’zoligini tiklash uchun sharoit yaratish ekanini ta’kidlagan. 

“Biroq Suriyani arablararo hamjamiyat safiga qaytarish va uning navbatdagi sammitda ishtirok etish to‘g‘risidagi qarori Arab Ligasiga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilinishi kerak. Bizda illyuziya yo‘q va biz tezda natijaga erishish mumkin emasligini tushunamiz. Shuning uchun biz bosqichma-bosqich taktikaga amal qilamiz va kelishuv jarayonini harakatga keltirish uchun ekspert guruhini tuzamiz”, deydi yig‘ilishga mezbonlik qilgan davlat vakili.

Ma’lumot uchun, Damashqning Arab Ligasidagi a’zoligi 2011 yilning noyabrida qurolli mojaroga aylangan ichki inqiroz avjida to‘xtatilgan. Shu kungacha Suriya poytaxtidagi aksariyat arab elchixonalari o‘z ishini tiklagan.

Bundan tashqari, Suriya, Iordaniya va Iroq narkotik moddalar savdosiga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Davlatlar orasida giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va olib o‘tish manbalarini aniqlash uchun siyosiy va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ishchi guruh tuziladigan bo‘lgan.

Shuningdek, Arab davlatlari Suriya inqirozining siyosiy yechimi u yerda noqonuniy bo‘lgan barcha xorijiy kuchlarning mamlakatdan chiqib ketishiga olib kelishiga ishonch bildirgan. 

Uchrashuvda Suriyada milliy kelishuvga erishishni ta’minlash uchun chaqirilgan Suriya konstitutsiyaviy qo‘mitasining ishini qayta boshlash ham ko‘rib chiqilgan. 

Ta’kidlash joizki, 2018 yil 31 yanvarda Sochida Suriya Milliy muloqot kongressi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq tuzilgan Suriya Konstitutsiyaviy qo‘mitasi 150 kishidan (Damashq hukumati, muxolifat va fuqarolik jamiyatining har biri 50 delegat) iborat. Kichik qo‘mita guruhi 45 kishidan iborat (uchta segmentning har biridan 15 delegat). Suriya Konstitutsiyaviy qo‘mitasi respublikaning asosiy qonuniga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishga chaqiriladi, shundan so‘ng Suriyada BMT shafeligida umumiy saylovlar o‘tkaziladi.

Suriya hukumati, muxolifati va fuqarolik jamiyati delegatsiyalarining uchrashuvi fevral oyi boshida rejalashtirilgan edi. Biroq 6 fevral kuni Suriya shimolida sodir bo‘lgan dahshatli zilzila tufayli qoldirilgan. 

Ammo shu zilziladan so‘ng arab davlatlarining aksariyati Damashqqa yaqinlashib, Suriyaga samarali gumanitar yordam ko‘rsatgan. Joriy yilning 18 aprel kuni Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon al Saud Suriya poytaxtida Prezident Bashar al-Assad bilan muzokaralar o‘tkazgan. Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri yig‘ilishda “Suriyaning mintaqadagi roli avvalgidan ko‘ra muhimroq bo‘lishi kerak”, degan.


Maqola muallifi

Teglar

Arab davlatlari ligasi Suriya Iordaniya Amman

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing