Har bir o‘g‘il-qiz hech bo‘lmasa bitta cholg‘u asbobini chalishni bilishini istardim – Prezident
Jamiyat
−
29 may 2020
8597Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumaniga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik. Tumanga tashrifi davomida davlat rahbari tumanning 5A mavzesida joylashgan 329-umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyati bilan tanishdi..
Ma’lumki, mazkur tumanda ko‘p qavatli uy-joylar bunyod etilib, aholi soni oshib bormoqda. 2019 yilda bu yerda to‘rtta yangi maktab barpo etish ishlari boshlangan edi. Hozirda ularning ikkitasi qurib bitkazildi. Yangi o‘quv dargohlari tumandagi bolalar va o‘smirlar hamda ota-onalar uchun munosib sovg‘a bo‘ldi.
Bugungacha eng katta maktablar 700 o‘rinli bo‘lardi. 329-umumiy o‘rta ta’lim maskani 1680 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Unga asos solishda 2019 yilda tashkil etilgan Prezident maktablari tajribasidan foydalanilgan.
To‘rt qavatli maktabda 48 ta o‘quv xonasi mavjud. Shundan 20 tasi fan kabineti, 14 tasi boshlang‘ich sinf xonasi va yana 14 tasi xorijiy tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan. Laboratoriya va to‘garak xonalari, elektron kutubxona, tibbiyot punkti, oshxona, faollar zali, sport maydonlarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Ahamiyatlisi, bu yerda bolalarni hozirdanoq aniq kasblarga yo‘naltirish, hunarlarga mehr uyg‘otish maqsadlarida kasbga yo‘naltirish xonalari tashkil etilgan, ular kerakli jihozlar, asbob-uskunalar, mehnat qurollari, mato va materiallar bilan to‘ldirilgan.
Ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida maktabga direktor tanlov asosida, o‘qituvchilar esa test sinovlari natijasida ishga qabul qilingan.
Davlatimiz rahbari maktab darsliklari saviyasi talabga mutlaqo javob bermasligi, o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy bilimlar asosida takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Bolalarga sifatli ta’lim berish, shu bilan birga, 7-sinfdan boshlab kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
"O‘g‘il-qizlar hunar o‘rgansa, o‘ziga ishonchi ortadi, dunyoqarashi ham o‘sadi, ota-onasining ham ko‘ngli to‘q bo‘ladi. Keyinchalik ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga mablag‘ sarflamaslik uchun bugun shu mablag‘ni maktablarga berishimiz kerak. Bolalarimizni vatanparvar, jamiyatga kerakli inson qilib tarbiyalamasak, kelajakka xiyonat qilgan bo‘lamiz", deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumki, Prezident tashabbusi bilan maktab dasturiga shaxmat saboqlari kiritilgan edi. Musiqa xonasi bilan tanishuvda yana bir shunday taklif bildirildi.
"Har bir o‘g‘il-qiz hech bo‘lmasa bitta cholg‘u asbobini chalishni bilishini istardim", deydi davlat rahbari.
2019 yili 23 avgustda o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limini rivojlantirish buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarurligini ta’kidlagan edi. So‘nggi uch yilda mamlakatda 160 dan ortiq umumta’lim maskani qurildi, o‘nlab ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. O‘qituvchilarning ish haqi o‘rtacha 2,5 barobar oshirildi. Bularning barchasi ta’lim sifatini ko‘tarishga, pedagoglarning jamiyatdagi obro‘-e’tiborini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr