Jizzaxda fuqaro ukasining o‘limida shifokorni ayblab, uni pichoqladi
Jamiyat
−
01 iyul 2019
4293Joriy yilning 29 iyun kuni Jizzax viloyatida fuqaro shifokorni o‘ldirish maqsadida qasddan pichoqladi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, 29 iyun kuni soat 10:30larda fuqaro J.K. Jizzax viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi xirurgiya bo‘limiga keladi.
U 2005 yilda tug‘ilgan ukasi Q.J.ning 2019 yilning 26 iyun kuni “exinokok” tashxisi bilan operatsiya qilishi natijasida vafot etganligi sababli bo‘lim mudiri T.H.ni qasddan o‘ldirish maqsadida o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan hujum qiladi. J.K. bo‘lim mudiri T.H.ning hayoti uchun muhim organlari ko‘kragiga va qorin qismiga bir necha marta pichoq bilan urib tan jarohati yetkazadi.
Voqea ro‘y bergan vaqtda bo‘lim shifokori B.G‘. ularni ajratib qolishi natijasida, J.Q. jinoiy maqsadini oxiriga yetkaza olmaydi. Shundan so‘ng u voqea joyidan qochib ketgan.
Fuqaro T.H.ga shifokorlar tomonidan o‘z vaqtida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi natijasida uning hayoti saqlanib qolingan.
Voqea joyiga viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari, shahar prokurori, viloyat IIB boshlig‘i, shahar IIO FMB boshlig‘i va boshqa tezkor xodimlar chiqishgan.
Tezkor qidiruv chora-tadbirlar natijasida J.Q. Zafarobod tumani, “Uzun” qishlog‘ida ushlanib, qo‘lidagi oshxona pichog‘i ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.
LiveBarchasi