APLda G‘azoda qurbon bo‘lganlar xotirasiga sukut saqlanadi
Sport
−
13 Oktabr 2023
4186G‘azodagi qurolli harakatlardan jabrlanganlarning barchasiga hurmat belgisi sifatida Angliya chempionati futbolchilari, murabbiy va rasmiylar 21-23 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan chempionat o‘yinlarida qo‘llariga qora tasma taqib, bir daqiqalik sukut saqlaydi. Bu haqda liga o‘z X sahifasida ma’lum qildi.
“APL Isroil va G‘azoda kuchayib borayotgan holatdan chuqur qayg‘uda va begunoh fuqarolarga nisbatan dahshatli shafqatsiz zo‘ravonlik harakatlarini keskin qoralaydi. Biz tinchlikka umid qilamiz va qurbonlar, ularning oilalari va jabrlanganlarga chuqur hamdardlik bildiramiz”, deyiladi liga sahifasida.
Shuningdek, dunyoning eng kuchli futbol chempionati qurbonlarga hurmat belgisi sifatida turli tadbirlar amalga oshirilishini ma’lum qilgan.
“Barcha jabrlanganlarga hurmat belgisi sifatida APL futbolchilari, murabbiy va rasmiy xodimlar 21 oktyabrdan 23 oktyabrga qadar bo‘lib o‘tadigan chempionat o‘yinlarida qo‘llariga qora tasma taqib, bir daqiqalik sukut saqlaydi. Liga, shuningdek, Isroil va G‘azodagi muhtojlarga yordam berish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi APL xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azoga qilingan hujumdan qurbon bo‘lganlar soni 1 500 dan oshgandi. 7 oktyabrdan beri Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlarida 1537 kishi, jumladan 500 bola va 276 ayol halok bo‘lgani, 6612 kishi yaralangani qayd etilgan.