AOKA matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston “munosib baholanmaganini” ma’lum qildi

Jamiyat

image

Avvalroq “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan tuzilgan matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston o‘tgan yilgiga nisbatan bir pog‘ona pastlab, 157-o‘rinni egallagani haqida xabar bergan edik. Biroq, AOKAning bayonotiga ko‘ra, “tashkilot tomonidan yurtimizda axborot sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘laqonli o‘z aksini topmagani va munosib baholanmagani afsuslanarli”.

“Mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Jurnalist va blogerlar huquqlari qonun doirasida himoya qilinayotgani, axborot xizmatlari va davlat tuzilmalarining matbuotdagi tanqidlarga konstruktiv javob qaytarayotgani natijasida aholining xabardorlik darajasi oshib bormoqda.

Murakkab pandemiya sharoitida O‘zbekistonda OAV, ijtimoiy tarmoqlar hamda messenjerlar imkoniyatlaridan samarali foydalanib, media makonda tarqalgan va muhokamalarga sabab bo‘lgan har bir ma’lumotga o‘z vaqtida rasmiy munosabat, izoh, tushuntirishlar berib borildi. Agentlikda barcha davlat organlari va idoralari bilan birgalikda brifing hamda matbuot anjumanlarini tizimli o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Aholi o‘zini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar hamda mutaxassislardan bevosita javob olishni boshladi. Xuddi shunday amaliyot hududlarda ham joriy etildi, maxsus media-rejalar asosida jurnalistlar uchun tadbirlar muntazam o‘tkazib borilyapti”, deymladi bayonotda.

AOKA munosabatiga ko‘ra, amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, jinoiy javobgarlik liberallashtirilgan. Xususan, tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi bekor qilingani misol qilib keltirilgan.

“Bugun O‘zbekistonning yangi ochiqlik va oshkoralik siyosatida axborot sohasidagi bahsli masalalar, tomonlar o‘rtasida paydo bo‘ladigan har qanday nizoli vaziyatlar mavjud qonunlar, shuningdek, sud tizimi doirasida hal qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Bu borada Agentlik axborot sohasidagi vakolatli organ sifatida ishonchli va xolis axborot tarqatayotgan jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlarining qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor.

Umid qilamizki, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining keyingi reytinglarida O‘zbekistonda axborot erkinligi sohasidagi barcha islohotlar o‘z aksini topadi va munosib bahosini oladi”, deya yakunlangan bayonot.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan tuzilgan matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston o‘tgan yilgiga nisbatan bir pog‘ona pastlab, 157-o‘rinni egallagani haqida xabar bergan edik. Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov ushbu holatga achchiq hazil aralash mnosabat bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

43

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing