Anomal sovuqda alkogol va tamaki iste’mol qilishdan voz kechgan ma’qul – SSV
Bu qiziq
−
09 yanvar 2023
7829O‘zbekistonda joriy yilning 10–15 yanvar kunlari anomal sovuq kuzatilishi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova anomal haroratning inson salomatligiga qanday ta’sir etishi hamda uning zararli oqibatlaridan saqlanish usullari bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, anomal sovuqda alkogol va tamaki iste’mol qilishdan voz kechgan ma’qul. Boisi bu zararli odatlar qon tomirlarini keskin toraytirib, qo‘l va oyoqning qisqa muddatda muzlashiga sabab bo‘lishi mumkin.
Qattiq sovuq havo inson terisini haddan ortiq quritib yuboradi. Shu bois ko‘chaga chiqishdan avval tarkibida suv bo‘lgan dori vositalarini teriga surtmagan ma’qul. Aksincha, yog‘li kremlarni qo‘llash tavsiya etiladi.
“Qattiq sovuqda inson organizmidagi qon tomirlar keskin torayadi. Ayniqsa, gipertoniya, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, insult va infarktdan keyingi holat, stenokardiya kabi kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga bunday noqulay ob-havo salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularni bosh va yurak sohasidagi og‘riqlar bezovta qiladi. Shuningdek, bronx va o‘pka xastaliklari, xususan, bronxial astmaga chalingan bemorlarda kasallikning faol davridagi asoratlar zo‘rayadi. Ya’ni uydan ko‘chaga chiqqanda, bronxospazm yoki stenokardiyaning xuruj qilish xavfi ortadi. Shu sababli bunday insonlar shifokor tavsiyasi bilan yonida doimiy ichib yuradigan dorilarini olib yurishi shart”, deydi Elmira Bositxonova.
Bundan tashqari, anomal sovuq teri va buyrak kasalligi bor bemorlarning umumiy holati yomonlashuviga ham sabab bo‘lishi mumkin. Chunki bunday sharoitda tana a’zolarining muzlab qolish ehtimoli yuqori. Shu bois sovqatishning oldini olish uchun ko‘chaga chiqqanda issiq va qalin kiyimlar kiyish lozim.
Bunda qo‘lqop va jun paypoqlardan foydalanish juda muhim. Ayniqsa, bosh va yirik qon tomirlari joylashgan bo‘yin qismini issiq tutish talab etiladi. Sababi bo‘yindagi tomirlar inson bosh miyasini qon bilan ta’minlaydi.
“Sovuq kunlari ertalab, albatta, nonushta qilish kerak. Och qolish tananing tez muzlashi va immunitet zaiflashishiga sabab bo‘ladi. Iste’mol qilinadigan taomlar kaloriyasi issiq kunlarga nisbatan 25–30 foizga oshirilishi maqsadga muvofiq. Bunda issiq va suyuq ovqatlar juda foydali. Anomal sovuq kunlari ochiq havoda kamroq bo‘lish, bolalar va keksalarning ko‘chaga chiqmasligi tavsiya etiladi”, deya ta’kidlaydi vaziri o‘rinbosari.
Avvalroq, anomal sovuq kunlari barcha xodimlarning onlayn ishlashiga ruxsat berish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi