Anomal sovuq kunlari barcha xodimlarning onlayn ishlashiga ruxsat berish taklif qilindi
Jamiyat
−
06 yanvar 2023
15281“Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekistonda bo‘lishi kutilayotgan anomal sovuq ob-havo sababli barcha ish beruvchilarga o‘z xodimlarini masofadan ishlashiga ruxsat berishi kerakligini taklif qildi. Bu haqda “Yuksalish” harakati o‘z rasmiy sahifasida xabar berdi.
“Yuksalish” harakati joriy yilning 9–15 yanvar kunlari anomal sovuq ob-havo kutilayotgani munosabati bilan barcha ish beruvchilar – ham davlat, ham xususiy sektorlar ish jarayonlarini tashkil etishni chuqurroq ko‘rib chiqishlari kerakligini qayd etgan.
Ushbu taklifni ilgari surgan harakat o‘z jamoasi mazkur kunlar davomida masofadan ishlashga o‘tayotganini ta’kidlagan. Harakat markaziy idora joylashgan binoning isitish tizimidagi muammolar sababli ushbu qarorga kelgan. Shuningdek, harakatning hududiy bo‘linmalari ham onlayn formatga o‘tadi.
“Mehnat sharoitlari bilan tanishib chiqib, xodimlarni qulay harorat rejimi bilan ta’minlash zarur. Agar xodimlarning ish joyida bo‘lishiga ehtiyoj bo‘lmasa, ular onlayn ishlashiga ruxsat berilishi kerak. Pandemiya bunday formatda ham berilgan vazifalarni samarali bajarish mumkinligini ko‘rsatdi.
Qolaversa, bu yo‘llarni tirband qilmasdan, qor va muzlardan tozalab olinishiga sharoit yaratadi. Shu bilan birga, ish soatlarini, ayniqsa, ochiq havoda ishlaydiganlar uchun qisqartirish maqsadga muvofiq. Imkon qadar xodimlar uchun issiq ichimliklar tashkil qilish, sovqotish holatlarining oldini olish uchun tanaffus berish yoki o‘rin almashtirish ham foydadan xoli bo‘lmaydi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, umummilliy harakat barcha o‘zbekistonliklarni kutilajak sovuq ob-havoda ehtiyot choralarni ko‘rishga chorlagan.
Avvalroq, O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim muassalari yopilyotgani hamda barcha umumiy o‘rta ta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarda, shuningdek, oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylarda ham qish ta’tili 17 yanvargacha uzaytirilgani haqida xabar berilgan edi.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi