Anomal issiqdan qanday himoyalanish kerak?
Salomatlik
−
19 iyul 2022
10718O‘zbekistonga Turkmaniston orqali Erondan kirib kelgan issiq havo oqimi sabab mamlakatda anomal jazirama kuzatilmoqda. Bunday kunlarda odamlarni issiq urishi tez-tez kuzatiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi anomal issiq haroratdan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Vazirlik eng avvalo, ko‘chaga chiqayotganda ochiq rangli tabiiy matolardan tikilgan yengil libos kiyish, issiqdan saqlaydigan bosh kiyim, ko‘zoynak va soyabonlardan foydalanish maqsadga muvofiq ekanini qayd etgan.
Shuningdek, imkon qadar yog‘li, dudlangan taomlarni iste’mol qilmaslik, tez buziladigan ovqatlardan ehtiyot bo‘lish kerak. Tanada suv balansini ushlab turish uchun kuniga o‘rtacha 2-3 litr suyuqlik (sovutilgan ko‘k choy, gazsiz mineral suv, qatiq, mevali ichimliklar, quritilgan mevalarning qaynatmalari) ichish tavsiya etiladi.
Gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva iste’mol qilish mumkin emas. Kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastro‘mol bilan artib turish ham tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.
Jazirama payti quyosh urishi — eng xavfli holat bo‘lib, jabrlanuvchida ko‘ngil aynishi, qusish, burundan qon ketishi, ko‘rish qobiliyatining buzilishi, yurak urishi va nafas olish kuchayadi. Unga salqin ichimlik yoki qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim.
Anomal issiq harorat kuzatilgan paytda imkon qadar to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nuri tushadigan joyda jismoniy mehnat bilan shug‘ullanmaslik tavsiya etiladi. Agar shunday bo‘lgan taqdirda quyoshdan himoyalanish uchun bosh kiyim kiyish, ora-ora salqin joyda dam olish maqsadga muvofiq.
LiveBarchasi