Anqarada O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya vazirlari uchrashdi
Olam
−
29 yanvar
3514Bugun, 29 yanvar kuni Turkiya poytaxti Anqara shahrida Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston Tashqi ishlar, Iqtisodiyot-savdo va Transport vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va uchrashuvning yakuniy deklaratsiyasi imzolandi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, deklaratsiya transport va mintaqaviy kommunikatsiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan kompleks Harakat rejasini o‘z ichiga oladi.
Hujjatda quyidagi muhim bandlar qayd etilgan:
- Mamlakatlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega masalalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga sodiqliklarini tasdiqlaydi;
- Suverenitet va hududiy yaxlitlikka qarshi qaratilgan urinishlarga qarshi kurashda birgalikdagi harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi;
- Iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar, logistika, infratuzilma, raqamlashtirish, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi kabi muhim sohalarda mavjud salohiyatni to‘liq ishga solish majburiyati olindi;
- O‘rta koridorning samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishga chaqirildi;
- Ozarbayjonning Qorabog‘ va Sharqiy Zangazurda olib borayotgan tiklash va minalardan tozalash ishlarini qo‘llab-quvvatlash bildirildi;
- Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida iqtisodiy, savdo, transport va iqlim masalalaridagi ijobiy o‘zgarishlar va hamkorlikka yordam berish maqsadida o‘zaro harakatlar yo‘lga qo‘yildi;
- Ozarbayjonning COP29 va Osiyoda o‘zaro ishonch choralari bo‘yicha kengash (CICA)ga raisligi olqishlandi;
- TDT doirasida Afg‘oniston xavfsizligi va taraqqiyotiga yagona yondashuv muhim ekani ta’kidlandi, bu Markaziy Osiyodagi barqarorlik uchun muhim omil sifatida qayd etildi;
- G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha e’lon qilingan qarorni olqishlash, uni qat’iy bajarishga chaqirish va Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat prinsipiga asoslangan holda hal etishni qo‘llab-quvvatlash bildirildi.
Ma’lumot uchun, ushbu uchrashuvda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi. U uchrashuvdan so‘ng uch davlat Tashqi ishlar vazirlarining qo‘shma matbuot anjumanida Transafg‘on temiryo‘li global ta’minot zanjirining bir qismi bo‘lishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Turkiya va Ozarbayjon kompaniyalarining yangi bozorlarga chiqishi uchun transport-logistika markazi sifatida foydalanish strategiyasi muhokama qilindi.
Vazir Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya, Yevropa davlatlari xalqaro multimodal yuk tashish yo‘lagi imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali yuk tashish hajmini oshirish yuzasidan fikr almashilganini ta’kidladi.
“Uchrashuvdagi asosiy mavzulardan biri transafg‘on temiryo‘li qurilishi istiqboli bo‘ldi. Kelajakda ushbu yirik loyihaning amalga oshirilishi nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydi, balki global ta’minot zanjirining bir qismi bo‘ladi, deydi u.
LiveBarchasi