Anqara hokimi Ortiqxo‘jayevdan Toshkent ko‘chalariga Anqara nomi berilishini so‘radi
Jamiyat
−
18 Sentabr 2019
4031Turkiya poytaxti Anqara shahar hokimi Mansur Yavash Toshkentga keldi. U O‘zbekistonga tashrifi davomida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan uchrashdi
Toshkent shahar hokimi oxirgi 3 yilda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarida yangi davr kuzatilayotganligini qayd etgan.
Anqara shahri hokimi savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalari kengayib borayotganliga e’tibor qaratib, hozirda O‘zbekistonda 500ga yaqin turk firma va kompaniyalari faoliyat yuritayotgani, o‘zaro savdo aylanmasi 2 mlrd AQSH dollariga yetganini aytgan.
Ikki shahar hokimlari qardoshlik, o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikni yanada yangi pog‘onaga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim hujjat “Birodarlashuv aloqalarini o‘rnatganlik haqida”gi memorandumni imzoladilar.
Ortiqxo‘jayev bu hujjat azaldan do‘st va hamfikr bo‘lgan ikki davlat, ikki shahar o‘rtasidagi aloqalar istiqbolida nihoyatda ahamiyatli ekani, iqtisodiyot, sanoat, shaharsozlik, san’at, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Mansur Yavash ayni paytda Anqarada O‘zbekiston nomli 3 ta, Toshkent deb yuritiluvchi 12 ta, Samarqand nomli 8 ta va Buxoro deb ataluvchi 11 ta ko‘cha borligini aytib, o‘zaro do‘stlik va birodarlik timsoli sifatida Toshkentdagi ko‘chalarning birini Anqara deb nomlashni taklif etdi. Shuningdek, hamkorlikka oid boshqa takliflarni bildirdi.
LiveBarchasi