Angliyadagi o‘zbek fenomeni: Muhammadali O‘rinboyev qachon APLda o‘ynaydi?
Sport
−
31 may 2024 10288 2 daqiqa
Joriy yil yanvar oyi oxirida Toshkentning “Paxtakor” klubi a’zosi Muhammadali O‘rinboyev Angliyaning “Brentford” klubiga ko‘chib o‘tdi. Bu transfer o‘zbek futboli tarixida o‘ziga xos ahamiyatga ega, chunki shu vaqtga qadar hech bir o‘zbekistonlik futbolchi ingliz klubida to‘p tepmagan.
19 yoshli O‘rinboyev O‘zbekiston U-20 terma jamoasi va “Paxtakor” klubidagi ishonchli o‘yinlaridan so‘ng “Brentford” mutasaddilari e’tiboriga tushdi va mazkur klub Muhammadalini o‘z safiga qo‘shib olishga qaror qildi.
Hozirda “Brentford B” jamoasida to‘p tepayotgan O‘rinboyev asosiy jamoaga o‘tish va Angliya Premer-ligasida o‘ynash uchun bor salohiyatini ishga solayotgani bor gap. O‘zbekistonlik futbolchi oxirgi paytlarda o‘rinbosarlar jamoasida o‘z o‘rnini topa oldi va jamoasining ajralmas futbolchilaridan biriga aylanib ulgurdi.
QALAMPIR.UZ yosh futbolchining Angliyadagi hayoti va kelgusi faoliyati bilan bog‘liq bir qator jihatlarga qiziqdi.
“Hozir aynan shu masala bo‘yicha bosh qotiryapmiz. Nasib etsa, yaqin yillarda asosiy jamoada debyut qilaman. Keyingi mavsumlarda sekin-sekin APL o‘yinlarida o‘zimni ko‘rsatish niyatim bor. O‘zbekiston xalqini xursand qilish asosiy maqsadim”, deydi O‘rinboyev.
Shuningdek, Muhammadali Angliyaga moslashuvi va jamoadoshlari bilan munosabatlari haqida so‘zlab berdi.
“Boshida ozroq qiynaldim, biroz vaqt o‘tgach hammasi joyiga tushdi. Jamoadagilar meni yaxshi qabul qildi. Bundan juda xursand bo‘ldim”, deydi O‘rinboyev.
Ma’lumot uchun, Muhammadali O‘rinboyev Toshkentning “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 200 ming yevro evaziga “Brentford”ga ijaraga berilgan. Ijara muddati yakunlangach, ingliz klubi O‘rinboyevni to‘liq transfer qilish vakolatiga ega.
Live
Barchasi