Angliya va Uelsda jazirama sabab 2700 dan ortiq odam vafot etdi

Olam

image

Angliya va Uelsda joriy yozda kuzatilayotgan issiq to‘lqinlari 2700 dan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, jazirama davrida qayd etilgan o‘lim holatlarining katta qismi yuqori harorat bilan bog‘liq bo‘lgan. Iqlim o‘zgarishi sabab harorat odatdagidan 3-4 daraja yuqorilagani ushbu o‘limlarning 40 foizdan ortig‘iga ta’sir qilgan.

“Issiq to‘lqinlar ekstremal ob-havoning eng xavfli turi hisoblanadi. Inson faoliyati sabab yuzaga kelayotgan iqlim o‘zgarishi tufayli biz duch kelayotgan bunday keskin issiqlik inson salomatligi uchun nihoyatda xavflidir”, deydi London Imperial kolleji ekstremal ob-havo va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha tadqiqotchisi Kler Barns.

Buyuk Britaniyada may oyida havo harorati rekord darajaga ko‘tarilib, London yaqinidagi Kyu bog‘larida 35,1 daraja qayd etilgan. Tadqiqotchilar bu davrdagi noodatiy issiqlik taxminan 550 kishining hayotiga zomin bo‘lganini hisoblagan.

Iyun oyida esa Sharqiy Angliyada harorat 37 darajadan oshib, yana qariyb 2 200 ta o‘lim holati bilan bog‘langan.

Mutaxassislar issiqlik to‘lqinlari inson salomatligi uchun eng xavfli ekstremal ob-havo hodisalaridan biri ekanini ta’kidlamoqda. Ularning qayd etishicha, ilgari kam uchragan bunday jazirama hodisalari iqlim o‘zgarishi sabab tobora tez-tez kuzatilmoqda.

“Juda issiq kunlar, yuqori namlik va kechasi ham haroratning pasaymasligi birgalikda issiq to‘lqinlarining ta’sirini kuchaytiradi. Bu nafaqat inson salomatligiga, balki infratuzilma, transport va qishloq xo‘jaligiga ham zarar yetkazadi. Ilgari kamdan-kam uchragan bunday ekstremal issiqlik hodisalari hozir tez-tez takrorlanmoqda”, deydi Buyuk Britaniya Meteorologiya idorasining iqlim hodisalarini baholash bo‘yicha menejeri Mark Makkarti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropaning g‘arbiy qismini joriy yil iyun oyining oxirida qamrab olgan rekord darajadagi jazirama oqibatida 10 mingdan ortiq odam vafot etgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing