Andijonlik mansabdorlar xalqning ko‘mirini “tuya qildi”
3-sahifa
−
13 noyabr 2023
5144Andijon viloyatining ikki tumanida aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan ko‘mirni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, prokuratura departamentning Andijon viloyati Izboskan tuman bo‘limi tomonidan “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Izboskan ko‘mir omborida tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilgan.
Unda Izboskan ko‘mir ombori mas’ul shaxslari aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan 1007,9 tonna ko‘mirni 303 so‘mdan sotilganligi to‘g‘risida soxta hujjatlar rasmiylashtirib, amalda ushbu ko‘mirni boshqa shaxslarga sotib yuborgani, pul mablag‘larini esa noqonuniy ravishda o‘zlashtirgani aniqlangan.
Shuningdek, departamentning Paxtaobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman ko‘mir ombori mas’ul shaxslari aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan 873,2 tonna ko‘mirni 303 so‘mdan sotilganligi to‘g‘risida soxta hujjatlar rasmiylashtirib, amalda ushbu ko‘mirni boshqa shaxslarga sotib yuborib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida sodir etilgan holatda esa Baxt ko‘mir ombori mas’ul shaxslari va boshqalar hududdagi 7 ta mahallada soxta ma’lumotlar tayyorlash orqali aholiga imtiyozli narxda sotilishi kerak bo‘lgan 464,6 tonna ko‘mir boshqa shaxslarga naqd pulga sotib, mablag‘lari o‘zlashtirib yuborilgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Andijon tumanida 362,3 million so‘mlik, Buloqboshi tumanida 178,3 million so‘mlik, Jalaquduq tumanida esa 421,7 million so‘mlik ko‘mir talon-toroj qilingani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida 623,7 tonna, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida esa 413,8 million so‘mlik 1 tonna 364,3 kilogramm ko‘mir o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingandi.
LiveBarchasi