Andijondagi portlash asoratlari: ikki o‘quvchi operatsiya qilindi

Jamiyat

image

Kecha, 26 fevral kuni soat 10:26 da Andijon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi hududidagi “Issiqlik manbai” AJga qarashli isitish qozonining portlashi yuz bergani haqida xabar qilgan edik. 

Favqulodda holat oqibatida poliklinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shahardagi 4-umumta’lim maktabining 18 nafar 9-G sinf o‘quvchilari turli darajada yengil jarohat olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali travmatologiya qabulxonasiga olib kelingan.

“Xalq so‘zi” nashri muxbiri voqea sodir bo‘lgan joyga borib, portlash oqibatlari bilan tanishdi. 

“Bo‘limimiz markaziy poliklinikaning orqa tomonida joylashgan. Kirish faqat bir tomonlama. Xonamda o‘tirganimda gumburlagan ovoz eshitildi. Tashqariga chiqqanimda oynalar singan ekan, tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan bolalar cho‘chib ketganini ko‘rdim. Hamkasblarim bilan ularga birinchi tez tibbiy yordamni ko‘rsatishga harakat qildik. Jarohat olganlarni, barcha bemorlarni shoshilinch tibbiy yordam mashinasida Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yubordik”, deydi poliklinika ftiziatriya bo‘limi mudiri Dilshodbek Xalilov.

Mazkur holat yuzasidan sodir bo‘lgan vaziyatning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Andijon shahar hokimiyati, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi boshqarmalari rahbarlari hamda “O‘ztransgaz” mutaxassislari tarkibidan iborat komissiya tuzilgan edi. 

“Dugonalarim bilan ichkarida navbatda turgan edik. Shifokorlar shovqin qilmasligimizni iltimos qilishganidan so‘ng tashqariga chiqdik. Shunda qozonxonadan tutun chiqayotgandek bo‘ldi. E’tibor bermadik. Pillapoyadan tushganimizdan 2-3 daqiqa keyin birdaniga portlash yuz berdi. Qo‘rqib ketdik. Bir-ikki joyimiz shilindi. Hozir ahvolimiz yaxshi”, deb voqeani so‘zlab bergan o‘quvchi Ruqiya Abduhalimova. 

“Tashqarida turgandik. Birdan gumburlagan ovoz eshitilib, hammayoq tutunga to‘lib ketdi. Orqamdan shisha siniqlari uchib kelgandek bo‘ldi. Qo‘limga shikast yetdi”, deydi o‘quvchi Nurillo Abdumannopov. 

Xizmat ko‘rsatayotgan shifokorlarning holati ham yaxshi. Bundan tashqari, poliklinikada bo‘lgan yana 10 nafar murojaat qilganlarga qabulxonada ambulator-psixologik yordam ko‘rsatilgan. Ayni paytda tegishli tashkilotlar tomonidan tekshiruv, surishtiruv ishlari davom etmoqda.

“Bugun soat 11:00 lar chamasida markazimizga markaziy poliklinikada yuz bergan hodisa natijasida 18 nafar bemor olib kelingan. Bemorlarning uch nafari o‘rta darajada tan jarohati olgan. Ular neyroreanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Biri oyoq, ikkinchisi yelka qismida jarohati borligi uchun jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Qolgan 14 nafarining tan jarohati yengil, aksariyat bolalar qo‘rqib ketgan. Ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirgi paytda neyrotravmatologiya bo‘limiga yotqizilgan. Bemorlarning barchasi shifokorlarning doimiy nazoratida, belgilangan tartibda muolajalar qilinmoqda”, deydi Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi viloyat filiali bosh vrachi Azizbek Mamadiyev.
 


Maqola muallifi

Teglar

Portlash Andijon

Baholaganlar

112

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing