Andijonda Yaponiyaga ishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
28 fevral
2596Andijon viloyatida Yaponiyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Andijon shahrida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan shaxs fuqarolarni Yaponiya davlatiga ishga yuborish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon tarqatib, ko‘pchilikning ishonchiga kirgan. Ammo u Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni amaldagi tartib-qoidalarni chetlab o‘tgan holda, Yaponiya davlatiga ishlash uchun yuborish evaziga 7400 AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Boshqa holatda esa Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan shaxs va uning Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 1995 yilda tug‘ilgan tanishi o‘zaro til biriktirib, poytaxtlik fuqaroning ishonchiga kirgan. Ular mansabdor tanishlari orqali fuqaroni Yaponiyaga ishga yuborish evaziga 2500 AQSH dollari talab qiladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ulardan biri – ya’ni, Toshkent shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 40 ming dollar evaziga AQSHga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlangan edi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi