Andijonda yana 7 ta $20 millionlik tovuq go‘shti kompleksi barpo etiladi
Jamiyat
−
13:06 558 2 daqiqa
Andijonda kelgusida qo‘shimcha 20-30 ming ish o‘rni yaratiladi. Viloyatda dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish maqsadida mana shunday yerlarning 200 gektarida chorva boqish uchun sharoit yaratiladi hamda Ulug‘nordagi 1 ming 200 gektar maydonda Baliqchi tumani tajribasi asosida baliqchilik klasteri tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 24 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, endi Andijondagi loyihalar menejeri viloyatning yangi investitsiya modelini yaratishga mas’ul bo‘ladi. Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston tajribasi asosida qolgan 13 ta hudud uchun ham loyihalar menejeri lavozimlari joriy etilishi belgilangan.
Bu jarayonda har bir tumanning sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari sun’iy intellekt yordamida baholanadi. Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkoni bo‘lgan sohalar aniqlanib, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish rejasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori 104 ta korxona faoliyatini kengaytirish orqali qo‘shimcha 20-30 ming ish o‘rni yaratish bo‘yicha loyihalar tayyorlanadi. Aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 4 ta korxonada texnologik modernizatsiya hisobiga qo‘shilgan qiymatni 40-50 foizga ko‘paytirish choralari ko‘riladi.
Kelgusi yil Andijonda kamida 10 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish va eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Bundan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikda yirik komplekslarni ko‘paytirish vazifalari ham belgilangan.
Jumladan, Ulug‘norda paxtadan ozuqa ekinlariga o‘tkazilgan 5 ming gektar maydon kamida 10 ming bosh qoramol boqish imkonini berishi ta’kidlangan. Dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish orqali ham chorvachilikni kengaytirish mumkinligi aytilgan. Yig‘ilishda yil yakunigacha shunday maydonlarning kamida 200 gektarida chorva boqish uchun sharoit yaratish, Ulug‘nor va Bo‘stonda yirik chorvachilik komplekslari loyihalarini ishlab chiqish vazifalari topshirilgan.
Shuningdek, Baliqchida ishga tushirilgan 20 million dollarlik tovuq go‘shti kompleksi tajribasi asosida Jalaquduqda 4 ta, Xo‘jaobodda 3 ta shunday kompleks loyihasini boshlash vazifasi qo‘yilgan. Ulug‘nordagi 1 ming 200 gektar maydonda Baliqchi tumani tajribasi asosida baliqchilik klasteri tashkil etilishi ham qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev mas’ullarga Asakada avtomobilsozlik va mashinasozlik bo‘yicha shakllangan 30 yillik tajriba asosida o‘z texnologiyalarini yaratishga o‘tish hamda “Asaka muhandislik vodiysi”ni tashkil etish vazifasini bergandi.
Live
Barchasi