Andijonda O‘zbekiston bo‘ylab qalbaki dorilarni yetkazib bergan guruh ushlandi

3-sahifa

image

Qalbaki dori vositalarini tayyorlab, Andijon shahridagi tug‘ruqxonalar, shifoxonalar, xususiy klinikalar hamda Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahriga yetkazib bergan shaxslar ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unga ko‘ra, DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Bojxona boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazilgan.

Xususan, Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi BYD rusumli avtomashina Andijon shahridagi "Yangibozor" savdo majmuasi oldida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 171 quti "Ferrouz" nomli dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsning yashash xonadonida jami 5593 qutida 8 xil turdagi qalbaki dori vositalari va ularni qadoqlashda foydalaniladigan bo‘sh qutilar, turli xildagi dori vositalarining yo‘riqnoma va yorliqlari borligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan 3 nafar fuqaroning yashash xonadonlari hamda ularga tegishli bo‘lgan manzillarda ham ko‘p miqdordagi qalbaki dori vositalari borligi aniqlangan.

Olib borilgan tezkor-tintuv tadbirlari natijasida umumiy qiymati 700 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan, jami 14 turdagi 10686 dona dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur shaxslar o‘zaro kelishgan holda yashash xonadonlarida qalbaki dori vositalarini tayyorlab, kelgusida sotish maqsadida Andijon shahridagi tug‘ruqxonalar, shifoxonalar, xususiy klinikalar hamda Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahriga yetkazib bergan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 5000 qutidan ortiq qalbaki dori vositalari qaytarib olinib, aholi orasida tarqalishining oldi olingan.

Boshqa holatda esa Andijon shahrida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan dori vositalarini Andijon va Qashqadaryo viloyatlaridagi dorixonalarga yuborayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shuningdek, ushbu shaxsning yashash xonadonida o‘rnatilgan talablar darajasida saqlanmayotgan, umumiy qiymati 250 mln so‘m bo‘lgan 5000 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari hamda qadoqlashda foydalaniladigan bo‘sh qutilar, turli xildagi dori vositalarining yo‘riqnoma va yorliqlari borligi ma’lum bo‘ldi va tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Andijon qalbaki dori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made